“Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining Samarqand viloyati bosqichi o‘tkazildi

0
668

Markaziy harbiy okrugining “Sazagan” dala-o‘quv maydonida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Samarqand viloyati kengashi, okrug qo‘mondonligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining Samarqand viloyati bosqichi o‘tkazildi. Unda “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi 17—22 yoshgacha bo‘lgan 120 nafar yoshdan iborat 12 ta jamoa ishtirok etdi.

“Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarida yoshlar asosan uchta blokda sinovlardan o‘tkazildi. Xususan, “Harbiy-vatanparvarlik bloki”da jamoa a’zolarining O‘zbekiston harbiy tarixiga doir bilimlari tekshirildi. “Harbiy-amaliy ko‘pkurash bloki”da jamoalar pnevmatik quroldan o‘q otish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta bo‘yicha bellashdilar. “Sport bloki”da jamoalar duatlon, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.

Bundan tashqari, musobaqa davomida “Eng mohir mergan”, “Eng yaxshi granata uloqtiruvchi”, “Eng tezkor estafeta ishtirokchisi”, “Eng yaxshi duatlonchi”, “Eng yaxshi sportchi” va “Eng yaxshi bilimdon” nominasiyalari bo‘yicha shaxsiy birinchiliklar ham qayd etildi.

Bellashuvda shunqorlarning g‘alabaga bo‘lgan kuchli intilishi, harbiylikka qiziqishi, chaqqonligi va mohirligi, g‘ayratu shijoati yaqqol ko‘zga tashlanib, ushbu o‘yinlarga o‘ziga xos ko‘rk bag‘ishladi.



Ana shunday shiddatli va murosasiz kechgan bahslarda Pastdarg‘om tumani o‘quv sport texnika klubi jamoasining qo‘li baland kelib, birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu jamoa O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining ko‘chma kubogi uchun kechadigan bellashuvda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin Kattaqo‘rg‘on tuman o‘quv sport texnika klubi jamoasiga, 3-o‘rin esa Qo‘shrobot tuman o‘quv sport texnika klubi jamoasiga nasib etdi.

Musobaqada faxrli o‘rinlarni egallagan jamoalarga hamda alohida nominatsiyalar g‘oliblariga “Vatanparvar” tashkiloti Samarqand viloyat kengashi, okrug qo‘mondonligi hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati