Yana ikkita hududda “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari yakunlandi

0
1207

Ayni kunlarda respublikamiz bo‘ylab yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular orasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan tashkil etilgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.

Xususan, Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida mahallalardagi uyushmagan yoshlar, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”dan o‘rin olgan oilalar farzandlari o‘rtasida “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi qizg‘in bahslarga boy tarzda o‘tkazildi.

Musobaqada respublikaning To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a, Amudaryo, Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli, Qorao‘zak, Chimboy, Kegeyli tumanlari va Nukus shahridan jami 110 nafar yoshdan iborat 11 ta jamoa ishtirok etdi.

Murosasiz kechgan sport bahslarida ikkinchi o‘ringa Qo‘ng‘irot tumanining “Amir Temur avlodlari”, uchinchi o‘ringa Qorauzak tumanining “Tulpor” jamoalari munosib topildi. Kegeyli tumanining “Lochinlar” jamoasi esa shohsupani zabt etib, finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Mazkur sport musobaqasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida o‘tkazilgan Qashqadaryo viloyat bosqichi ham yuqori saviyada tashkil qilindi.

Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Qashqadaryo viloyat kengashi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi harbiy bo‘limi hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Musobaqa yakunida muvaffaqiyat qozongan yoshlar hamkor tashkilotlar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti