Namanganda ko‘rgazmali batalyon taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi

0
1187

Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlarida “Batalyon bilan qo‘shinlar maxsus harakatini olib borishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish” mavzusida ko‘rgazmali batalyon taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Mazkur o‘quvda okrug qo‘shinlari qo‘mondoni rahbarligida Namangan garnizonidagi harbiy qism komandirlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirok etdi. Dastavval, harbiy qism hududida o‘rin olgan 20 dan ortiq o‘quv nuqtalarida bo‘linmalarning doimiy yashash joyidagi harakatlarini ifodalovchi mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Shundan so‘ng “Gʻurumsaroy” dala o‘quv maydonida bo‘linmalarning dala sharoitida joylashuvi, qo‘riqlovni tashkillashtirish va taktik harakatlarni muvofiqlashtirishga qaratilgan 10 dan ziyod ko‘rgazmali amaliy o‘quv nuqtalarida mashg‘ulotlar davom ettirildi.

Mazkur amaliyotda batalyon komandirlarining qo‘shinlar maxsus harakati mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni olib borish mobaynida bo‘linmalarni uzluksiz qat’iylik bilan boshqarish borasidagi ko‘nikmalarini, shuningdek, shaxsiy tarkibning dala ko‘nikmalarini takomillashtirish, ularning ahloqiy-ruhiy sifatlarini va mardlik hislatlarini oshirish maqsad qilindi.

O‘quv jarayonlarining amaliy qismida hamkorlikdagi kuch tuzilmalari bilan birgalikda chegara hududidagi shartli dushmanlarni yo‘q qilish, ularni tor-mor qilish va qo‘lga olish bo‘yicha maxsus taktik harakatlar bajarildi.

Ko‘rgazmali mashg‘ulot davomida bo‘linmalarning taktik harakatlari kuzatuvchi mutaxassislar tomonidan baholanib, uch kun davomida o‘tkazilgan o‘quv har jihatdan tahlil qilindi va kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan aniq vazifalar belgilab olindi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati