Qo‘shinlarda qish mavsumiga shaylik bo‘yicha rejali tadbirlar amalga oshirilmoqda

0
721

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha profilaktik tadbirlar, shuningdek, qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni qishki mavsumda foydalanish rejimiga o‘tkazish tadbirlari yuqori saviyada tashkil qilinmoqda.

Jumladan, Samarqand garnizonida joylashgan harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi kursantlari ishtirokida mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, is gazidan zaharlanish holati va yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha profilaktik tadbir o‘tkazildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aynan qish mavsumida o‘rtacha har 3 ta sodir bo‘lgan yong‘inning bittasi isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki nosoz va nostandart isitish moslamalarining ishlatilishidan kelib chiqqan bo‘lib, ayanchli oqibatlarga olib kelgan.

Tadbir ishtirokchilariga mutaxasislar tomonidan ana shunday ma’lumotlar yetkazilib, texnogen vaziyatlarni oldini olish bo‘yicha zarur tushunchalar berildi. Favqulodda vaziyatlarda kanday harakatlanish kerakligi xususida tashkil etilgan ko‘rgazmali mashg‘ulotlar ham shular jumlasidan.

Shuningdek, Janubiy operativ qo‘mondonligi tasarrufidagi harbiy qismlarda mavjud qurol-aslaha va harbiy texnikalarni qishki sharoitda foydalanish rejimiga o‘tkazish ishlari ham qizg‘in tashkil etilmoqda. Bunda harbiy texnikalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish hamda ob-havoning sovuq sharoitida sozligini ta’minlash maqsad qilingan.

– Harbiy texnika va qurol-aslahalarning jangovar shayligini ta’minlashda ularga ko‘rsatilayotgan sifatli texnik xizmatlarning ahamiyati katta, – deydi Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Dilshod Hamdamov. – Har bir komandir, har bir harbiy xizmatchi o‘ziga biriktirilgan qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning soz va shayligi uchun mas’uldir.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida qurol-aslaha va harbiy texnikalarni mavsumiy foydalanish rejimlariga o‘tkazish yiliga ikki marotaba – bahor va kuzda tashkil etiladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikasiyalar departamenti