Markaziy harbiy okrugning tashkil etilgan sanasi keng nishonlandi

0
1505

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining jangovar tarkibi va qurilishi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan 2017-yilda Markaziy harbiy okrugi qayta tashkil etilib, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tassarufidagi Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarining maʼmuriy chegaralari doirasidagi harbiy qism va muassasalar ushbu okrug qoʻshinlari tasarrufiga oʻtkazilgandi.

Bugun, ushbu qutlugʻ sana munosabati bilan okrug Maʼnaviyat va maʼrifat markazida tantanali tadbir tashkil etildi. Unda okrug qoʻmondonligi, faxriylar, harbiy xizmatchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov soʻzga chiqib, Markaziy harbiy okrug tashkil etilgandan soʻng, Samarqand, Jizzax va Navoiy viloyatlari harbiy maʼmuriy sektori rahbariyati bilan hamkorlikda okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda rekonstruksiya ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirilgani, besh yil mobaynida maʼnan eskirgan harbiy qism va dala oʻquv maydonlarning infratuzilmasi butunlay yangi koʻrinishga keltirilganini aytib, ularga minnatdorchilik bildirdi.

Shuningdek, yurt himoyachilari uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar natijasida jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik borasida erishayotgan yutuqlar sarhisob qilinib, buning barchasi, albatta, harbiy xizmatchilarda mardlik, sadoqat va ona Vatanni sevish kabi hislarning joʻsh urayotganini qayd etib, barchani bayram bilan qutladi.

Shundan soʻng, okrug ravnaqiga hissa qoʻshib kelayotgan faxriylar, ofitser, serjantlar, Qurolli Kuchlar xizmatchilariga navbatdagi harbiy unvonlar, faxriy yorliq, pul mukofotlari hamda qimmatbaho sovgʻalar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir davomida mehmonlar ham soʻzga chiqib, okrug qoʻshinlari shaxsiy tarkibini bayram bilan muborakbod etdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati