Farg‘onada “Shunqorlar” birinchilik uchun bellashdi

0
1078

Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan tashkil etilgan “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasining Farg‘ona viloyat bosqichi qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi.

Unda tuman va shaharlardagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 17 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan 200 ga yaqin yoshlardan tashkil topgan 17 jamoa bellashdi.

Mazkur harbiy-sport o‘yinlarida yoshlar uchta yo‘nalishdan iborat sinovlarda bellashdi. Xususan, “Harbiy vatanparvarlik” yo‘nalishida jamoa a’zolari O‘zbekiston tarixi bo‘yicha bilimlarini namoyon etgan bo‘lsa, “Harbiy-amaliy ko‘pkurash” yo‘nalishida ishtirokchilar pnevmatik qurollardan o‘q otish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafetada bellashdi.

“Sport” yo‘nalishida jamoalar duatlon, 100 metr masofaga yugurish, turnikda tortinishda kuch sinashdi. Bundan tashqari, “Eng mohir mergan”, “Eng yaxshi sportchi” va “Eng yaxshi bilimdon” nominatsiyalarida yakka tartibdagi musobaqalar ham o‘tkazildi.

Do‘stona ruhda o‘tgan ushbu musobaqada uchinchi o‘rinni Dang‘ara tumani jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin O‘zbekiston tumaniga nasib etdi, faxrli birinchi o‘rinni esa Beshariq tumani yoshlari qo‘lga kiritib, musobaqa g‘olibiga aylandi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati