Markaziy harbiy okrugda “Vatanparvar” tashkiloti xodimlari bilan uslubiy seminar oʻtkazildi

0
830

Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi Samarqand, Jizzax va Navoiy garnizonlarida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti oʻquv muassasasi boshliqlarining harbiy-vatanparvarlik tarbiya boʻyicha oʻrinbosarlari bilan uslubiy seminar oʻtkazildi.

Ushbu seminarda “Vatanparvar” tashkiloti rahbarlari, harbiy qism komandirlarining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo’yicha o’rinbosarlari, Mudofaa ishlari boshqarma va bolimlarining xodimlari, “Vatan tayanchi” bo’lim boshliqlari, Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar ittifoqi viloyat, tuman kengashi a’zolari ishtirok etdi.

Dastlab, so’zga chiqqanlar Qurolli Kuchlarda yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini yanada oshirish, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasi tog’risida batafsil gapirib o’tdi.

Tadbir davomida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning maqsadi yoshlarda jamiyatning turli tarmoqlari, ayniqsa, harbiy soha bilan aloqador bo’lgan davlat xizmati turlarida faollik ko’rsatish, tinch va harbiy sharoitda Konstitutsiya va harbiy burchga sadoqatli bo’lish, ularda o’z yurti va xalqi taqdiri uchun yuksak mas’uliyat va javobgarlik kabi muhim xususiyatlarni shakllantirish haqida mulohazalar yuritildi, takliflar va tavsiyalar berildi.

Ushbu tashkilotning faoliyati davomida vatanparvar, mard va jasur yoshlarni yetishtirish, ularning faol hayotiy pozitsiyasi va qat’iy e’tiqodi, bilimi va intellektual saviyasi, ona-Vatan taqdiriga mas’uliyatini mustahkamlash hamda yoshlarni har tomonlama yetuk va komil shaxs sifatida tarbiyalash maqsad qilingan.

Seminar yakunida ishtirokchilar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun harbiy qismlarda yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar bilan yaqin tanishib harbiy qismlarda tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha o‘zaro kelishib oldi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati