Nukusda jangovar boʻlinmalarni choʻlda joylashtirish boʻyicha koʻrgazmali mashgʻulot oʻtkazildi

0
1079

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligida Mudofaa vazirligi va harbiy okruglarning masʼul ofitserlari, kuch tuzilmalari vakillari ishtirokida choʻl hududlarida jangovar harakatlarni olib borish, qoʻshinlarni notanish hududlarda joylashuvi hamda har tomonlama taʼminotini tashkil etish masalalariga qaratilgan koʻrgazmali oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov rahbarligidagi koʻrgazmali oʻquv mashgʻuloti davomida dunyo boʻylab choʻl hududlarida oʻtkazilgan jangovar operatsiyalar va ularning natijalari chuqur tahlil etilib, tadqiqot natijalari atroflicha muhokama etildi. Choʻl sharoitida mudofaa jangini tashkil etish boʻyicha zarur taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Koʻrgazmali mashgʻulotning ikkinchi qismi “Nukus” umumqoʻshin poligonida davom etdi. U yerda tashkil etilgan oʻquv nuqtalarida ishtirokchilar choʻl sharoitida muhandislik talablari asosida keng maydonda jihozlangan motooʻqchi batalyonlarining jamlanish hududi bilan yaqindan tanishishdi. Koʻrgazmali tarzda tashkil etilgan mashgʻulotda boʻlinmaning notanish hududdagi harakatlari bilan birga shaxsiy tarkib va texnikalarni joylashtirish, barcha turdagi taʼminot masalalarini yoʻlga koʻyish, oʻq-dori va qurollarni saqlash, hududga mos ravishda niqoblanishni tashkil etish, oziq-ovqat zaxirasini yaratish, dala sharoitida ovqat tayyorlash kabi masalalar ham namoyish etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati