Samarqandda “Yosh vatanparvarlar yigʼini” boshlandi

0
666

Samarqand viloyati hokimligi, Markaziy harbiy okrug qoʼmondonligi, viloyat IIB, DXX hamda Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar kichik mutaxassislar tayyorlash markazida “Yosh vatanparvarlar yigʼini” boshlandi.

Yig‘inga Samarqand viloyatining ikkita shahar va 14 ta tumanidan 18-30 yosh atrofidagi muqim ish joyiga ega boʼlmagan hamda ichki ishlar nazoratida boʼlgan yoshlar jalb etildi.

Harbiylikka qiziqishi yuqori va asosiysi oʼz istagiga koʼra kelgan yoshlarga harbiy liboslar berildi, tibbiy koʼrikdan oʼtkazildi. Oʼzining qiziqishiga qarab “Yosh elektriklar”, “Yosh avtoelektriklar”, “Yosh dvigatel ustalari”, “Yosh payvandchilar” guruhlariga ajratildi va yotoqxonalarga joylashtirildi. Аskarlar oshxonasida ovqatlanishi uchun oziq-ovqat taʼminoti yoʼlga qoʼyildi.

“Yosh vatanparvarlar yigʼini”ning ochilish tantanasida Markaziy harbiy okrug qoʼshinlari qoʼmondoni polkovnik Oybek Saidov yigʼin davomida jismoniy va axloqiy-ruhiy jihatdan yaxshi va aʼlo koʼrsatkichlar qayd etgan yoshlarni okrug qoʼshinlari kontrakt asosida xizmat qilishlari mumkinligi va buning uchun mart-aprel oylarida bir oylik xizmatga, may oyidan esa shartnoma asosidagi harbiy xizmatga qabul qilinishi haqida gapirdi.

Shuningdek, soʼz olganlar yoshlarni tarbiyalashda yangicha tizim joriy etilgani va ayni damda amalda ekanini taʼkidlab, yoshlarning ertangi kunda kutilayotgan yutuqlari xususida toʼxtaldi va bu yigʼin yoshlar uchun kutilmagan koʼp imkoniyatlar va sharoitlar yaratishi haqida soʼzlab yoshlarni ruhlantirdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati