Chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik oʻtkazildi

0
1275

Mudofaa vazirligi markaziy apparati shaxsiy tarkibi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali shifokorlari tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Prezidentimizning tegishli qarori binoan “Inson qadri uchun” shiori ostida tashkillashtirilgan mazkur aksiya kam simtomli yashirin kasalliklarni erta aniqlash va ularning oldini olishdek ezgu maqsadga xizmat qiladi.

Koʻrikka kelganlar dastlab qon analizi topshirish bilan birga bir qator skrining tekshiruvlaridan ham oʻtishdi. Mutaxassislar esa tekshiruv koʻrsatkichlarini koʻzdan kechirar ekan, ularda endokrin kasalliklar va metobolik sindrom (qandli diabetdan oldingi holat)ning bor yoki yoʻqligi, mazkur kasallikka moyil yoki moyil emasligini aniqlab tashxis qoʻyishdi.

– Yuqumli boʻlmagan ammo nasl surish ehtimoli mavjud kasalliklardan biri endokrin bezi bilan bogʻliq kasalliklardir. Bunga, albatta, ekologiyadagi oʻzgarishlar bilan birga insonlarning sogʻlom turmush tarziga amal qilmasliklari ham  muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Ayniqsa, keyingi yillarda aholi oʻrtasida qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallanish koʻrsatkichlarining ortgani inson organizmining normal faoliyat olib borishi izdan chiqishiga va hayot davomiyligining qisqarishiga sabab boʻlmoqda. Shuning uchun ham bugungi kunda mazkur kasallikni barvaqt aniqlash va davolash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tibbiy koʻrik shu jihati bilan ahamiyatli, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Feruz Toʻrayev. – Koʻrikka malakali, tajribali mutaxassislarimizni jalb etganmiz. Bizni quvontirgani, bugun chuqurlashtirilgan tekshiruvdan oʻtgan harbiy xizmatchilar orasida qandli diabetga chalingan yoki moyil boʻlganlar chiqmadi. Bu, albatta, Vatanimiz himoyachilarining  doimiy harakatda ekanliklari, sport bilan muntazam shugʻullanishlari va shu orqali sogʻlom turmush tarziga rioya qilishlarining natijasidir. Chunki qanchonki inson sport bilan muntazam shugʻullansa tana vazni ham meʼyorda boʻladi. Tana vazni meʼyorida boʻlishi esa  qandli diabet bilan kasallanish ehtimolini kamaytiradi.

Shuningdek tibbiy koʻrik davomida shifokorlar harbiy xizmatchilarga endokrin bezi bilan bogʻliq kasalliklar, ularni keltirib chiqaruvchi omillar, profilaktikasi haqida ham tushunchalar berishdi. Sogʻlom turmush tarzi va unga amal qilish meʼyorlari aks ettirilgan maxsus varaqa tarqatishdi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA, Bahrom ABDURAHIMOV suratga olgan. Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti