Nukusda “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi

0
693

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi mintaqaviy boʻlinmasi tashabbusi bilan Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida harbiylar va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi.

Samimiy va mazmunli kechgan suhbatda faxriylar boʻlajak yurt himoyachilariga hayoti va xizmat yillari haqida soʻzlab berishdi. “Milliy armiyamizni barpo etish yoʻlida uzoq va mashaqqatli yoʻllarni bosib oʻtdik. Ogʻir kunlar ortda qoldi. Sizlar Yangi Oʻzbekiston yoshlari, haqiqiy maʼnoda vatanparvar, buyuk ajdodlarimiz izdoshlari va xalqimiz ishonchi boʻlishingiz lozim”, — deydi oʻz nutqida isteʼfodagi polkovnik Maxset Musayev. 

Muloqot oʻz navbatida soʻnggi yillarda Qurolli Kuchlarda olib borilayotgan keng islohotlarga ulandi.

21-oktyabr Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 33 yilligi arafasida tashkil etilgan tadbirda davlat tilining ahamiyati xususida ham alohida toʻxtalib oʻtildi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestr jamoasining Vatan madhini tarannum etgan kuy va qoʻshiqlari tadbirga yanada ko‘tarinkilik baxsh etdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati