Nukusda o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar ko‘rgazmali mashg‘ulot o‘tkazdi

0
521

Nukus garnizonidagi harbiy shaharchada garnizon yong‘in nazorati inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yong‘in-qutqaruv qismi va qutqaruv otryadi tomonidan kuz-qish mavsumida “Tilsiz yov”dan ogoh bo‘lish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Unda harbiy shaharchada istoqomat qilayotgan aholi, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hamda 44-son maktab o‘quvchilari uchun yong‘in o‘chirish va bartaraf etish vositalari hamda texnikalarning tuzilishi, ishlash tamoyili hamda imkoniyatlari haqida m’ruza qilindi. Kunlar soviy boshlaganda xonadonlarda qo‘lbola va nosoz isitish asboblaridan foydalanilganda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan is gazidan zaharlanish, yong‘in chiqishi bo‘yicha ma’lumotlar yetkazildi. Yong‘indan talafot ko‘rgan va is gazidan zaharlangan odamlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, qayerga murojaat etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Mutaxassislar tomonidan is gazidan zaharlanishning oldini olish, gaz-havo aralashmasidan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan chaqnash va portlashning oqibatlari borasida zarur ma’lumotlar berilib, ko‘rgazmali vositalar tarqatildi.

Ta’kidlash joizki, o‘tgan 9 oy davomida mamlakatimizda ehtiyotsizlik va boshqa sabablarga ko‘ra 123 mlrd so‘mdan ortiqroq miqdorda zarar keltirgan 7641 ta yong‘in sodir etilib, ularda 186 nafar fuqarolarimiz tan jarohati olgani va 79 ta o‘lim holati qayd etilgan. Kelib chiqqan yong‘inlarning 74,6 foizi aholi turar joy binolarida sodir bo‘lgani aniqlangan. 35 foizdan ortiq yong‘in holatlari elektr moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida yuz bergani ma’lum qilingan.

Ishtirokchilarda mashg‘ulot doirasida o‘t o‘chirish va qutqaruv ishlarini bajarish uchun mo‘ljallangan maxsus texnikalar bilan yaqindan tanishish imkoni bo‘ldi.

Shuningdek, mashg‘ulotda ko‘p qavatli binoda is gazi yoki yong‘in tufayli zarar ko‘rgan fuqarolarni qutqarish bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazilib, mohir qutqaruvchilar tomonidan amalda namoyish etildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati