Fargʻonada sayyor qabul va askarlar yotoqxonasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

0
728

Mudofaa vazirligining Fargʻona shahrida joylashgan harbiy qismlarining birida harbiy xizmatchilari va ularning oila aʼzolari ogʻirini yengil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va ularning yechimini topish maqsadida qoʻmondonlik ishchi guruhi tomonidan sayyor qabul oʻtkazildi.
Tadbir jarayonida mudofaa vazirligi tizimida amalga oshirilgan islohotlar toʻgʻrisidagi videorolik namoyish etildi. Shundan soʻng qoʻshinlar qoʻmondoni tomonidan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, tizimda olib borilayotgan islohotlar toʻgʻrisida maʼruza qilindi.
Sayyor qabul jarayonida 18 nafar harbiy xizmatchining murojaatlari oʻrganib chiqilib, ijobiy yechimini topish maqsadida tegishli mansabdor shaxslarga koʻrsatmalar berildi. 3 nafar harbiy xizmatchining oila aʼzolari murojaatlari maktabgacha taʼlim va bandlik boshqarmasi tomonidan hal etilishi belgilab olindi.

Kunning ikkinchi yarmida Fargʻona shahrida joylashgan harbiy qismda askarlar yotoqxonasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Askarlar yotoqxonasi kapital taʼmirlanib, zamon talablariga mos ravishda jihozlangan. Askarlarning maroqli dam olishlari uchun barcha sharoit yaratilgan boʻlib, bu yerda zamon talablari asosida jihozlangan “Ruhiy zoʻriqishlarni yechish xonasi”, did bilan shakllantirilgan “Maʼnaviyat va maʼrifat xonasi” ularning xizmatida ekanligining guvohi boʻlindi.
Yakunda harbiy qismda faoliyat olib borayotgan va Respublika hamda Osiyoda oʻtkazilgan bellashuvlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan muay-tay toʻgaragi aʼzolariga qoʻshinlar qoʻmondonining tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Mayor Farruhbek SOTVOLDIYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti