Qarshida “Yosh vatanparvarlar yigʻini”ning navbatdagi bosqichi boshlandi

0
847

Qarshi shahridagi “Yoshlar markazi”da profilaktik hisobda turuvchi hamda uyushmagan yoshlar uchun oʻtkazib kelinayotgan “Yosh vatanparvarlar yigʻini”ning ikkinchi bosqichiga start berildi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, shuningdek, qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tadbir avvalida masʻullar tomonidan yoshlarga yigʻinning maqsadi va oʻtkazilish tartibi to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Shundan soʻng yig‘in ishtirokchilari tadbirlar oʻtkazilishi belgilangan harbiy qism tomon yoʻl oldi.

Ta’kidlash kerakki, “Yosh vatanparvarlar yigʻini”ning navbatdagi bosqichi o‘tkazilayotgan Muborak garnizonida joylashgan harbiy qismda barcha sharoitlar yaratilgan. Yoshlar oldinda kutib turgan 10 kun davomida u yerdagi imkoniyatlardan samarali foydalanib, bilim va koʻnikmalarini oshirsa kifoya.

Harbiy shifokorlar tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan yigʻin ishtirokchilariga harbiy liboslar tarqatildi. Tantanali ochilish marosimida soʻz olganlar yoshlarga bu kabi sharoitlardan unumli foydalanish, sport bilan shug‘ullanish, ilm-hunar egallashlari lozimligini alohida ta’kidladi. Tadbir rejasiga asosan boshlangan konsert dasturlari barchaga yuqori kayfiyat ulashdi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati