Harbiy ustozlar uchun unutilmas sayohat tashkil etildi

0
846

“Keksalar haftaligi” doirasida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi tashabbusi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati mudofaa ishlari boshqarmalarining amaliy koʻmagi bilan Mudofaa vazirligi tizimida ancha yil harbiy xizmatni oʻtab, hozirgi paytda Qurolli Kuchlar faxriylari safida umrguzaronlik qilayotgan qoraqalpogʻistonlik va xorazmlik harbiy pensionerlar uchun mazmunli va taassurotlarga boy sayohatlar tashkil etildi.

Ikki kunlik sayohat rejasiga koʻra, qoraqalpogʻistonlik bir guruh faxriylar ming asrlik tarixga boy, oʻtmishi va buguni goʻzal boʻlmish Xiva va koʻhna Urganch shaharlariga ekskursiyaga borib kelishdi.

Erta tongdan yoʻlga otlangan faxriylar dastavval, Urganch garnizoniga qarashli Shovot tumanidagi zamonaviy infratuzilma asosida taʼmirlangan Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyoni bilan tanishdi.

Yurt himoyachilarining jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlarini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish, harbiy xizmatchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida bunyod etilgan “Yangiariq” umumqoʻshin poligonida faxriylar, tuman yoshlari va xizmatchilar ishtirokida vatanparvarlik gʻoyalariga yoʻgʻrilgan samimiy suhbat tashkil etildi.

Mustaqillik bayrami arafasida Urganch shahri markazida tantanali ochilgan Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasi boʻylab sayohat Mudofaa vazirligi faxriylarida unutilmas taassurotlar qoldirdi. 

 

Hozirgi kunga qadar butunligicha saqlanib qolgan nodir obida-shahar Xivadagi Ichan qalʼa majmuasida tarix bilan yuzlashgan faxriylarning quvonchi cheksiz boʻldi. Uzoq oʻtmishdan, ota-bobolarimizning shonu-shavkatidan soʻzlagan qadim qalʼaning har bir meʼmoriy obidasi harbiy ustozlarning ekskursiyadan mazmunli hordiq chiqarishini taʼminladi.

Xorazmlik bir guruh faxriylarning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻylab sayohati ham taassurotlarga boy oʻtdi. Arxeologik manzilgohlar va qadim qalʼalar bilan taniqli qoraqalpoq elining qoratogʻlari bagʻridan joy olgan Sulton Uvays ziyoratgohidan boshlangan ekskursiya “Nukus” umumqoʻshin poligoniga sayohatga ulanib ketdi. “Sahrodagi Oazis” iste’fodagi harbiylarga judayam manzur boʻlib, dala oʻquv maydonidagi zamonaviy koʻrinish, soʻnggi yillarda Qurolli Kuchlarda olib borilayotgan islohotlarning yaqqol namunasi ekani eʼtirof etildi.

“Saxrodagi Luvr” nomini olgan I.V. Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyi ekspozitsiyalari hamda Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazining muhtasham koʻrinish kasb etishi va harbiy okrug tarixidan soʻzlovchi muzey, Nukus garnizoni Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyonidagi oʻzgarishlar Xorazmdan tashrif buyurgan mehmonlarni xushnud etdi. Muzeylar ekspozitsiyalaridan oʻrin olgan fotolavhalar orqali harbiy pensionerlar harbiylik faoliyati, doʻstu-safdoshlari, armiya saflarida oʻtgan yillarini yodga olishdi.

 

Ekskursiyalar chin maʼnoda mazmunli va yangiliklarga boy holda faxriylarda katta taassurotlar qoldirdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati