Pop tumanida tematik sinflar foydalanishga topshirildi

0
739

Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan 60-umumiy oʻrta taʼlim maktabida Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism tashabbusi bilan buyuk bobokalonlarimizning siymosi aks ettirilgan tematik sinflar tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Tadbirda harbiy-maʼmuriy sektor rahbarlari, Namangan harbiy prokurori, xalq taʼlimi boshqarmasi masʼul xodimlari va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdilar.

Dastlab buyuk bobokalonlarimizning qahramonliklari aks ettirilgan koʻrgazmali targʻibot vositalari, stendlar va oʻsha davrga xos harbiy anjomlar bilan zamonaviy tarzda jihozlangan “Buyuk sohibqiron Amir Temur” va “Turon qoploni Jaloliddin Manguberdi” sinflarining tantanali ravishda ochilish va foydalanishga topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbir davomida “Komandir va yoshlar” uchrashuvi ham oʻtkazildi. Uchrashuv ochiq muloqot tarzida koʻtarinki ruhda boʻldi. Oʻquvchi yoshlar kelajakda harbiy boʻlish ishtiyoqi yuksak ekanligini aytishdi.

Suhbat davomida harbiy qism komandiri podpolkovnik Shuhratjon Qurbonov tomonidan oʻquvchi yoshlarga Amir Temur va Jaloliddin Manguberdining davlat boshqaruvidagi mahorati, sarkardalik qobiliyati, jasorati, harbiy yurishlari haqida batafsil maʼlumotlar berib oʻtildi.
Yakunda maktab maʼmuriyatiga zaruriy maishiy texnikalar, faol oʻquvchi yoshlarga esa harbiy qism komandirining tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Bu kabi amaliy tadbirlar yoshlarimizni ona yurtga sadoqat va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim axamiyat kasb etadi.

Mayor Farruxbek SOTVOLDIYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti