Qoraqalpogʻistonda “Keksalar haftaligi” doirasida urush qatnashchilari holidan xabar olindi

0
724

Oʻzbekiston boʻylab keng nishonlanayotgan “Keksalar haftaligi” doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olinib, avlodlar uchrashuvlari tashkil etildi.

Jumladan, Mudofaa vazirligi huzuridagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi hamda Oʻzbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi hamkorligida Nukus shahrida joylashgan 24-umumtaʼlim maktabida uch avlod uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi, “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash markazi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining hududiy boʻlinmasi, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda oʻquvchi yoshlar ishtirok etdi. Soʻz olganlar yurtimizda keksa avlod vakillariga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shuningdek keksa va nuroniylarning bosib oʻtgan ibratli xayot yoʻllarini ertamiz egalariga ibrat va namuna sifatida koʻrsatish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar xususida toʻxtalib, yoshlarni vatanga munosib komil insonlar boʻlib voyaga yetishlarida muhim ahamiyat kasb etadigan pandu-nasihatlar berildi.

Qalbida ertangi kunga boʻlgan ishonch, koʻzlarida ona Vatanga boʻlgan mehr va muhabbat tuygʻulari joʻsh urib turgan bolajonlar mehmonlarga oʻz ijodlaridan namunalar oʻqishdi. Ayniqsa, “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining faollari tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar barchaga quvonch bagʻishladi. Shundan soʻng, bir qator keksa faxriylarga tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

Ikkinchi jahon urushi millionlab insonlarning bevaqt oʻlimiga, katta yoʻqotishlar va talafotlarga sababchi boʻlgan tarixdagi eng dahshatli qonli qirgʻinlardan biri sifatida muhrlanib qoldi. Millionlab insonlarning yostigʻini quritgan oʻsha dahshatli urushda yurtdoshlarimiz ham tinchlik va yorqin kelajak uchun mardonavor kurash olib bordi, jang maydonlarida mardlarcha qurbon boʻldi, yaralandi, mayib-majruh boʻlib qaytdi. 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortigʻi qahramonlarcha halok boʻldi. Ularning jasorati doim yodimizda, mangu va abadiy yashab keladi.

Ikkinchi jahon urushida 66 ming nafar qoraqalpogʻistonlik ishtirok etgan va ulardan 34 ming nafari janggohlarda halok boʻlgan. Qoraqalpogʻistondan frontga safarbar etilgan 14 mingdan ziyod jangchiga jangovar xizmatlari uchun davlat mukofotlari – unvon, orden va medallar berilgan.

“Keksalar haftaligi” doirasida mehmonlar Nukus shahrida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Qadirbay ota Narmanov, Toʻrtqoʻl tumanida istiqomat qilayotgan va bu yil 98 yoshni qarshi olgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ivan Galenko, Qoraoʻzak tumani A.Dosnazarov ovul fuqarolar yigʻinida yashovchi, 1925-yilda tavallud topgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Genjemurat ota Allaniyazov, Qonlikoʻl tumanida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Orazbay Nametullayev xonadonida boʻlib, ularning holidan xabar olishdi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Amudaryo tumani, Qangli ovul fuqarolar yigʻini, Matar yop mahallasida istiqomat qilayotgan 83 yoshli Toʻlgʻon aya Davletbayeva 10 nafar farzandini Vatanga munosib inson qilib tarbiyalagani, bugungi kunda farzandlari hamda nabiralaridan bir nechtasi harbiy sohada oʻz kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgani inobatga olinib, Oʻzbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi tomonidan “Vafo va sadoqat uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Onaxonning turmush oʻrtogʻi Oliy toifali oʻqituvchi Yendirboy ota Davletboyev ushbu  tumumannig 29-umumtaʼlim maktabida 40 yildan ortiq tarix fanidan yoshlarga taʼlim berib, bir necha yil rahbar lavozimida faoliyat yuritgan. 1990-yilda Yendirboy otaning vafotidan soʻng Toʻlgʻon aya bir oʻzi yolgʻiz 10 nafar farzandini oʻqitib, el koriga yaraydigan inson qilib tarbiyalagan.

Darxaqiqat, yurtimizda keksa avlod vakillariga koʻrsatilayotgan eʼtibor, yoshlarni oʻtmish va bugunni bogʻlab turuvchi koʻp asirlik milliy qadriyat va anʼanalarimizga sodiq qolgan holda tarbiyalashda olib borilayotgan amaliy ishlar mustahkam kelajakni barpo etishda dasturil amal boʻlib xizmat qilishi shubhasiz. Bu kabi tadbirlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining tuman va qishloqlarida davom etmoqda.

Nargiza Safarova, “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi matbuot kotibi