Ozod yurtga obod manzillar yarashadi

0
910

“Hashar elga yarashar” deydi dono xalqimiz. Obod joyda ishning sifati yuqori boʻlishi bilan bir qatorda, xizmatchilar kayfiyatining ham ijobiy boʻlishida toʻgʻridan-toʻgʻri taʻsir koʻrsatadi. Shu sabab Janubi-gʻabiy maxsus harbiy okrug qoʻmondoni boshchiligida boshqaruv apparatining barcha harbiy xizmatchilari okrug hududini obodonlashtirish uchun yeng shimardi. Obodonlashtirish rejasiga asosan boshlangan yangi kun harbiy orkestr sadolari ostida yanada fayzli boʻldi.

 

Oltin kuz tabiatning eng koʻrkam fasllaridan biri. Shu sabab, yuqori kayfiyat, samimiy muloqotlar bilan qilingan ishlar barcha uchun maʻnaviy hordiq boʻldi desak mubolagʻa emas. Okrug hududidagi 5 mingdan ortiq gullar qishki mavsumga hozirlangan boʻlsa, mingga yaqin daraxt koʻchatlari osti yumshatildi. Ariqlar tozalanib, yoʻl toʻsinlari oqlandi. Avtomobil turargohida mavjud yoʻl chiziqlari yangilab chiqildi.

Shaxsiy tarkib tabiat qoʻynidagi mehnatdan soʻng palovxontoʻra atrofida jam boʻldi. Bu kabi tadbirlar nafaqat obodlik uchun, balki, harbiy xizmatchilarning jipsligi va doʻstona muhitni mustahkamlashi uchun ham xizmat qiladi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati