Tahsil va amaliyotni oʻzaro bogʻlagan forum

0
657

Kecha, 21-oktyabr kuni Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtining texnik taʼminot kafedrasi tomonidan “Avtomobil boʻlinmalari taktik qoʻmondon-muhandisligi mutaxassislarini tayyorlashdagi dolzarb vazifalar, rivojlanish istiqbollari va muammolar muhokamasi” mavzusida kursantlar forumi oʻtkazildi.

Forumning asosiy maqsadi kursantlarda ushbu soha boʻyicha bilim va amaliy koʻnikmalarni oshirish, ularda ijodiy fikrlash, tizimli tahlil qilish sifatlarini shakllantirish, shu bilan birga, kursantlarning mustaqil ravishda harbiy-nazariy tadqiqotlarni olib borish hamda qoʻshinlar bilan sohaga oid muammolarning amaliy yechimida hamkorlikni rivojlantirishdan iborat boʻldi.

Qoʻshinlardagi soha mutaxassis ofitserlari, oliy harbiy taʼlim muassasalari kursant va oʻqituvchilarini bir joyga jamlagan forumda bilim yurti rahbariyati, vazirlik va harbiy okruglar masʼullari ishtirok etishdi.
Forumda bilim yurti turli bosqich kursantlari fanni oʻzlashtirishdagi va soha ofitserlarining qoʻshinlardagi tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar hamda oʻzlari ham tayyorlagan maʼruzalari bilan chiqishlar qilishdi.

“Kursant-kursantga ustoz” tamoyili asosida oʻtgan mazkur forumda kursantlar oʻquv joyi rahbari sifatida mashgʻulot oʻtib, oʻzlarining uslubiy tayyorgarligini oshirdi hamda quyi bosqich kursantlari bilan oʻz bilim va tajribasini oʻrtoqlashdi.
Qizgʻin bahs va munozaralar hamda qoʻshinlarda bitiruvchilar duch keladigan muammolarning muhokamasiga qaratilgan bunday forumlar bilim yurtida oʻquv-tarbiyaviy jarayonni yanada rivojlantirish va soha mutaxassislarini tayyorlashda ustuvor vazifalarni belgilab olishga xizmat qiladi.

Podpolkovnik R. ABDIYEV