“Jadidlar” kursantlarga katta ishtiyoq baxsh etdi

0
978

Qurolli Kuchlar akademiyasida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan maʼrifatparvar jadid allomalarimizning ilmiy merosini oʻzida jamlagan, “Jadidlar” rukni ostida chop etilgan kitoblar toʻplamining taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktorining oʻrinbosari Feruz Ablayarov,  Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, “Jadidlar” kitoblar toʻplami masʼul muharriri, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karim hamda “Qoʻrqma” romani muallifi, yozuvchi Javlon Jovliyev ishtirok etib, akademiya kursantlariga jadid bobolarimizning shonli hayoti xususida mulohazalarini bildirib oʻtishdi.

“Abdulla Qodiriy” kitobi muallifi, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov jadidlarning eng katta orzusi hurriyat ekanini, ular bu niyatlariga xalqqa ilm-maʼrifat ulashish yoʻli bilan erishishni maqsad qilganliklarini alohida taʼkidlab oʻtdi. 

Yozuvchi Javlon Jovliyev esa jadidlar homiyligida Germaniyaga oʻqishga yuborilgan yurtdoshlarimizning achchiq qismati haqida alohida atroflicha toʻxtaldi.

Mazkur toʻplamda Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Isʼhoqxon toʻra Ibrat, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon, Gʻulom Zafariy kabi maʼrifatparvar jadidlarning hayoti va ijodi, asarlarining qisqacha tahlili, eʼtirofi, hikmatli soʻzlari va boshqa jihatlari oʻrin olgan.

Suhbat davomida Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari tomonidan “Jadidlar” boʻyicha tayyorlangan sahna koʻrinishi, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli jamoasi tomonidan musiqiy chiqishlar barchaga iliq taassurot qoldirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti