Joylarda “Keksalar haftaligi” o‘tkazilmoqda

0
873

Yurtimizda 2021-yildan boshlab har oktyabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” deya e’lon qilingan bo‘lib, ushbu haftalik davomida keksalarimizni yanada ulug‘lash, ularning bilim va tajribalarini yoshlar bilan ulashishga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkaziladi.

Xususan, Markaziy harbiy okrugning barcha garnizonlarida ham “Keksalarni eʼzozlash, ularga hurmat-ehtirom koʼrsatish — xalqimizga xos ezgu fazilat” degan gʼoya asosida keksalar haftaligi koʼtarinki kayfiyat bilan oʼtkazilib, mahallalarda “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida istiqomat qilayotgan keksalar ishtirokida madaniy-maʼrifiy uchrashuvlar, tanlovlar, xayriya tadbirlari oʼtkazilmoqda.

Jizzax garnizonidagi harbiy qismda oʼtgan tadbir davomida keksalar va yoshlar harbiy qism mehmoni boʼlgan boʼlsa, Navoiy garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari hamda faxriylar Navoiy shahrida joylashgan mahallalardagi nuroniylarni madaniy hordiq olishlari uchun turli madaniy-maʼnaviy tadbirlarni tashkil etishdi.

Samarqand hamda Kattaqo‘rg‘on garnizonidagi harbiy xizmatchilar bu borada yolgʼiz qariyalar va Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olib, ularni moddiy va ijtimoiy qoʼllab-quvvatlab kelishmoqda.

Umuman olganda harbiy xizmatchilarning bunday eʼtibor va gʼamxo‘rligidan benihoyat xursand boʼlgan nuroniylarimiz shunday tinch va osoyishta yurtda yashayotganimizga shukronalarlar aytib, qoʼllarini duoga ochishmoqda.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati