Keksalarni eʼzozlash — xalqimizga xos ezgu fazilat

0
812

Yoshi ulugʻ otaxon-u onaxonlarni qadr etish, ularning hurmatini oʻrniga qoʻyish bizning uzoq asrlik urf-odatlarimiz, anʼanalarimiz, yashash tarzimizning ajralmas bir boʻlagiga aylangan.
Joriy yilning 4-10 oktabr kunlari “Keksalarni eʼzozlash, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish — xalqimizga xos ezgu fazilat” gʻoyasi ostida mamlakatimizning barcha hududlarida haftalik oʻtkazilmoqda.

Haftalik doirasida nuroniylarning holidan xabar olish, ularni maʼnaviy va jismoniy qoʻllab-kuvvatlash, hurmat-ehtirom koʻrsatish va eʼzozlash boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Ushbu haftalikni “mahallabay” oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan boʻlib, karantin qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirilishini taʼminlashga eʼtibor qaratiladi.

Haftalik doirasida har bir mahallada nuroniylar, shu jumladan, yakka-yolgʻiz keksalarni jalb etgan holda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, shu jumladan, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida istiqomat qilayotgan keksalar uchun madaniy tadbirlar, tanlovlar, sport musobaqalari va xayriya tadbirlari oʻtkaziladi.

Ushbu haftalik doirasida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi tizimida ham amaliy tadbirlar boshlandi. Mudofaa vazirligi masʼul ofitserlari va faxriylar bilan ishlash Markaziy kengashi aʼzolari, Yashnobod tumani Mudofaa ishlari boshqarmasi harbiy xizmatchilari “Inson taftini inson oladi” shiori ostida tumanda istiqomat qiluvchi faxriylar Gʻaybulla Aliyev hamda Nina Martinova xonadonida boʻlishdi. Ularga esdalik sovgʻalari va oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Faxriylar bilan dildan suhbat davomida ularning bosib oʻtgan hayot yoʻllari, chekkan zahmatlari hamda mana shu mashaqqatli umr yoʻli davomida Vatanga boʻlgan muhabbat, el-yurtga xizmat qilish saodati qanchalik baxt ekanligiga urgʻu berildi. Nuroniylar mamlakatimizda keksa avlod vakillariga boʻlgan eʼtibordan mamnun ekanliklarini izhor qilishdi.

Ro‘ziqul Ochilov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti