Mudofaa vazirligida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi

0
1817

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan katta bayram tantanasi boʻlib oʻtdi. Unda mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov, masʼul ofitserlar, davlat va jamoat tashkiloti vakillari, koʻp yillar Vatanimiz tinchligi yoʻlida fidokorona xizmat qilgan isteʼfodagi harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Dastlab Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi. Shundan soʻng mudofaa vaziri bayram dasturini ochib berdi. Bahodir Qurbonov oʻz tabrik soʻzida mamlakatlar taraqqiyotga faqat va faqat ilm-fan bilan erishayotganini taʼkidlab, mazkur soha vakillarining mashaqqatli mehnatini yuksak eʼtirof etdi. Qoʻshinlarda oʻzining ijobiy samarasini berayotgan “Ustoz-shogird” anʼanasi bugun yosh ofitserlar, serjantlar va oddiy askarlarning kelgusida yetuk mutaxassis kadrlar boʻlib yetishishida dasturilamal boʻlayotganiga eʼtibor qaratdi. Shuningdek, harbiy sohadagi yildan-yilga oʻsib borayotgan ilmiy salohiyatni ham yuqori baholadi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, harbiy taʼlim tizimida ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, oliy harbiy bilim yurtlarining zamonaviy oʻquv moddiy bazasi bilan butlandi. Taʼlim tizimi tubdan isloh qilinib, xalqaro standartlarga mos ravishda ishlab chiqildi. Natijada soʻnggi 5 yilda harbiy ilmiy salohiyat 4,5 foizdan 32 foizga oshdi.

Xalqimiz azaldan fidoyi farzandlarini eʼzozlab, qadrlab kelgan. Bugungi bayram dasturida ham Mudofaa vazirligi tizimida samarali xizmat qilib kelayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar va ishchi-xizmatchilar mudofaa vaziri tomonidan munosib taqdirlandi. Ayniqsa, ular orasida isteʼfoda boʻlishiga qaramay bugungi kunda ham ona yurt tinchligi, Vatan ravnaqi uchun oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan sobiq harbiy xizmatchilarni koʻrib, quvonasan kishi.

Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonanda va raqqosalari ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar, raqslar bayram dasturiga oʻzgacha fayz ulashdi. Ayniqsa, ansambl xor jamoasi tomonidan ijro etilgan “Vatan” taronasi barchani birdek toʻlqinlantirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti