Shimolda harbiy texnikalarni qishki mavsumda foydalanishga hozirlash ishlari boshlandi

0
794

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugda qoʻshinlardagi eng masʼuliyatli tadbirlardan biri – qurol-yarogʻ va harbiy texnikalarni qishki mavsumda foydalanish rejimiga oʻtkazishdan oldin koʻrgazmali mashgʻulot tashkil etildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyati yurtimizning Shimoli-gʻarbiy tomonida joylashgani bois, qishning sovuq kunlari boshqa hududlarga qaraganda bu yerda barvaqt kelishi kutiladi. Shu uchun Nukus va Urganch garnizonlarida joylashgan harbiy qism va muassasalarda jangovar va harbiy texnika hamda qurol-yarogʻlarni yozgi mavsumdan qishki mavsumda foydalanish uchun hozirlash boshqa harbiy okruglarga qaraganda oldin boshlanadi.

Mazkur kompleks tadbirlar harbiy texnika va qurol-aslahalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish hamda ob-havoning sovuq sharoitda foydalanishga hozirlash uchun oʻtkaziladi.

Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida qurol-yarogʻ va harbiy texnikalarni mavsumiy foydalanish rejimiga oʻtkazish boʻyicha tashkil etilgan koʻrgazmali mashgʻulotda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, okrug qoʻmondonligi hamda Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qismlarning harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.

Tadbirda harbiy texnika va qurol-aslahalarning jangovar shayligini taʼminlash, ularni soz holatda saqlashda koʻrsatilayotgan texnik xizmatlarning ahamiyati taʼkidlandi. Har bir komandir, har bir harbiy xizmatchi oʻziga biriktirilgan qurol-yarogʻ va harbiy texnikaning soz va shayligi uchun masʼul ekanligi eslatildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati