Samarqanddagi umumtaʼlim maktablarida yangi oʻquv-moddiy bazalar yaratildi

0
585

Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tashabbusi bilan Mudofaa vazirligining tayanch maktablari sifatida Samarqand viloyatidagi otaliqqa olingan bir qator umumtaʼlim maktablarning Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani uchun yangi oʻquv-moddiy bazalar yaratib berildi.

Ushbu tadbirlar Samarqand shahridagi 3- va 32-umumtaʼlim maktablarida hamda Pastdargʻom tumanining 64-umumtaʼlim maktablarida amalga oshirildi.

Oʻquv-moddiy bazalarni taʼlim muassasalariga taqsimlash tadbirida okrug qoʻmondonligi, harbiy qism komandirlari, Mudofaa ishlar boshqarmasi va boʻlimi vakillari, tayanch maktabi direktorlari va ularning oʻrinbosarlari – chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari ishtirok etishdi.

Yangi oʻquv-moddiy bazalarni qabul qilib olgan oʻqituvchilar soʻzga chiqib, ertamiz egalari uchun berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda ularning qalbida harbiy-vatanparvarlik tuygʻularini yanada mustahkamlashga munosib hissa qoʻshishlariga vaʼda berdi.

Yangi oʻquv-moddiy bazalarini topshirish davomida harbiy xizmatchilar umumtaʼlim maktablarining Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari va 10-11 sinf oʻquvchilariga tegishli maʼlumotlar berib oʻtishdi.

Tadbirlar davomida Samarqand garnizoni harbiy orkestr jamoasi tomonidan yoshlarning qalbidagi vatanparvarlik hissi va shijoatlarini toʻlqinlantiradigan, ona Vatanni va tinchlikni ulugʻlovchi kuy-qoʻshiqlari taqdim etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati