Nukusdagi harbiy shaharchaning xizmat uylari kapital taʼmirdan chiqarilmoqda

0
761

Harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasini taʼminlash, ularning turmush darajasi yaxshilash maqsadida Nukus garnizonidagi 1-sonli yopiq harbiy shaharchada joylashgan 32 ta xizmat xonadonlaridan iborat toʻrt qavatli ikkita uy kapital taʼmirdan keyin harbiy xizmatchilarga foydalanish uchun tantanali topshirildi.

Tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolari hamda quruvchilar ishtirok etdi. Soʻzga chiqqanlar, qariyb 40 yoshga toʻlayotgan bu xizmat uylari ilgari taʼmirdan chiqarilmagani, buning natijasida qator muammolar yuzaga kelib, xonadonlar yildan-yilga abgor holatga kelganini taʼkidlab oʻtishdi.

Mudofaa vazirligi rahbariyati amaliy koʻmagi hamda harbiy okrug qoʻmondonligining tashabbusi bilan bugun bu uylarga yangi hayot bagʻishlanib, harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari turmush darajasini yanada yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar muhayyo etilgani eʼtirof etildi. Ushbu xizmat uylari yana koʻp vaqt harbiy xizmatchilarning ehtiyojini qondirib, yurt himoyachilarining oila aʼzolari bilan farovon turmushini taʼminlab kelishiga ishonch bildirildi.

Mehmonlar kapital taʼmirdan chiqqan xonadonlardagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, xizmat uylari sohiblariga ezgu tilaklarini izhor etdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati