«Dovyurak jangchi» koʻkrak nishoni kimlarga beriladi?

0
2729

Milliy armiyamizda yuqori kasbiy va jismoniy malakaga ega harbiy xizmatchilarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samradorligini yanada oshirish, qoʻshinlarning yuksak jangovar shayligini saqlash maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan 2021-yil 10-dekabrda tegishli qaror qabul qilingandi.

“Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining jismoniy tayyorgarligini yuqori darajada tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarorda koʻrsatib oʻtilganidek, intensiv sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan barcha kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilarni “Dovyurak jangchi” farqlovchi nishoni bilan taqdirlash koʻzda tutilgan.

Shu munosabat bilan Markaziy harbiy okrug “Forish” dala oʻquv maydonida Mudofaa vazirligi yoʻnalishida uch yuzga yaqin daʼvogar ushbu intensiv sinovlarga bagʻishlangan yigʻinning tantanali ochilish marosimida saf tortdi. Markaziy harbiy okrugi qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov, Mudofaa vazirligi jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasi boshligʻi polkovnik Rahmatullo Rahmonov “Dovyurak jangchi” farqlovchi nishoni uchun daʼvogarlik qilayotgan harbiy xizmatchilarga sinovlar davomida omad yor boʻlishi tilab, tadbir ochiq deb eʼlon qilindi. Saf maydonidan mamlakatimiz madhiyasi sadolari ostida Oʻzbekiston Respublikasi va Mudofaa vaziriligi bayrogʻi olib oʻtildi.

Barcha harbiy okruglar, harbiy havo kuchlari va havo hujumidan mudofaa, toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻmondonliklari hamda Qurolli Kuchlar akademiyasi jamoalari tarkibidagi qatnashchilar “Forish” dala oʻquv maydonida oʻn kun davom etadigan intensiv sinovlarda oʻz omadlari sinab koʻradilar. “Dovyurak jangchi” farqlovchi nishoniga daʼvogarlar guruhlarga boʻlingan holda 9.00dan 18.00 davom etadigan turli mashqlardan iborat uch bosqichli sinovlarda ishtirok etadi. Birinchi bosqich kuch mashqlarini bajarishdan iborat boʻlsa, ikkinchi bosqich 30 kmga piyoda yurish (marsh yugurish) va uchinchi bosqich yagona toʻsiqlar yoʻlagida umumiy nazorat mashqlarini oʻqotar qurollardan oq otish hamda pichoq uloqtirish amaliyotidan iborat.

Bir qarashda uncha murakkab koʻrinmagan sinovlarni belgilangan vaqt oraligʻida bajarish barchaning ham qoʻlidan kelmaydi. Shuning uchun ilk bor sinovlarda qatnashayotgan daʼvogarlarning qanchasi “Dovyurak jangchi” farqlovchi nishoni bilan taqdirlanishi hozircha nomaʼlum. Yana bir necha kundan keyin “Dovyurak jangchi” koʻkrak nishoni sohiblari nomi maʼlum boʻladi. Ular nishon bilan birgalikda harbiy unvon hamda lavozim maoshining bir baravari miqdorida bir marta toʻlanadigan pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti