Termizda ikkita musobaqaning okrug bosqichiga start berildi

0
1005

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlarida jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish, harbiy qism va muassasalardagi mutaxassislarni nazariy va amaliy koʻnikmalarini takomillashtirish, shaxsiy tarkib oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, harbiy xizmatchilarning uyushqoqlik va birodarlik sifatlarini oshirish maqsadida “Oʻz kasbining ustasi” hamda “Men gʻolib” shiori ostidagi musobaqalar boshlandi.

Ana shunday tadbirda Janubiy-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining jangovar tayyorgarlik boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Sobirjon Baybabayev, masʼul ofitserlardan iborat hakamlar hayʼati hamda musobaqada qatnashuvchi harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Musobaqalar davomida harbiy xizmatchilar “Eng ilgʻor serjant”, “Eng ilgʻor gurux komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod (batareya) komandiri”, “Eng ilgʻor batalyon (divizion) komandiri” va “Eng ilgʻor brigada komandiri” nominatsiyalari bo‘yicha bellashsa, “Men gʻolib” shiori ostidagi musobaqa davomida “Merganlar marrasi”, “Otliq marafon” va “Xavfsiz muhit” shartlarida g‘oliblar aniqlanadi.

Tanlovning maqsadi harbiy xizmat nufuzini oshirish, qoʻshinlarda zamonaviy harbiy anʼanalarni shakillantirish, harbiy xizmatchilar qalbida tanlagan kasbiga, ona Vataniga hurmat va vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, yuksak jangovar shaylikni taʼminlashdan iboratdir.

Mazkur koʻrik tanlov 24-sentabr kuniga qadar davom etadi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni