Samo lochinlari yoshlar maqsadlarini yuksak parvozlarga shayladi

0
1137

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiy xizmat hamda harbiylik kasbiga qiziqishlarini oshirish maqsadida joylarda Vatan himoyachilari tomonidan turli tadbirlar tashkil etilmoqda.

Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi tasarrufidagi Xonobod qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan Qarshi shahrida joylashgan 33-sonli aqli zaif bolalar uchun maktab oʻquvchilari bilan “Vatan tinchligiga barchamiz masʻul” mavzusida koʻrgazmali mashgʻulot oʻtkazildi. Ayni kunlarda ushbu maktabda 165 nafar turli yoshdagi bolajonlar taʻlim-tarbiya olib kelmoqda.

Harbiy qism ofitserlari, harbiy uchuvchilar va harbiy qism qidiruv-qutqaruv va parashyut-desant guruhi harbiy xizmatchilaridan iborat mehmonlar maktab oʻquvchilariga uchuvchilik kasbi haqida maʻlumotlar berib, turli parashyutlarni koʻrgazmali namoyish etishdi. Jismonan zaif boʻlsa-da qalbi mehrga tashna bolajonlar koʻzidagi quvonchni kuzatib tadbir maqsadini tushunish mumkin.

Vatan himoyachilaridan iborat targʻibot guruhining navbatdagi manzili Qarshi shahrida joylashgan 17-umumiy oʻrta taʻlim maktabi boʻldi. Oldilariga aniq maqsad qoʻyib, shijoat va qunt bilan ilm olayotgan yuqori sinf oʻquvchilari uchun ushbu dars mashgʻuloti bir umr yodda qoladigan boʻldi desak adashmaymiz.

Oliy harbiy bilim yurtiga kirish sinovlari, harbiylik kasbining sharaf va masʻuliyati borasidagi suhbatlardan oʻquvchi yoshlar koʻplab maʻlumotlarga ega boʻldilar.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati