Nukus garnizonida “Ona tilim – gʻururim, faxrim” mavzusida tadbir oʻtkazildi

0
514

Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan biri hamda Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti hamkorligida garnizon maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Ona tilim – gʻururim, faxrim” nomli madaniy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi axborot kutubxona markazi oʻqish zali sektori mudirasi Bolgʻanay Uteniyazova “Ona tili – millatning ruhidir” mavzusida maʼruza bilan ishtirok etib, oʻzbek tili tarixi va rivojlanish bosqichlari haqida maʼlumotlar berdi.
Oʻzbek tili tarixi uzoq asrlarga borib taqaladi. Qadimgi oʻzbek tilining ilk yozuvlari Oʻrxun-Enasoy bitiklarida qoldirilgan boʻlib, qadimgi turkiy til deb atalgan. Navoiy hazratlarining hikmatga boy ijodi esa oʻzbek tiliga munosib hissa qoʻshdi. Institutning filologiya fakulteti talabalarining Oʻzbek tili bayramiga bagʻishlangan dasturida oʻzbek adabiyotining yorqin namoyondalari ijodi yodga olindi. Jonli ijrodagi kuy va qoʻshiqlarda Vatan, millat shaʼni, qadr-qimmati tarannum etilgani davradagi tomoshabinlarga joʻshqinlik, vatanparvarlik kayfiyatini ulashdi.

Darvoqe, til millat faxri, gʻururi sanaladi. Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi esa tilga boʻlgan cheksiz hurmat va ehtiromdan namuna. 2020-yil 10-aprelda Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinib, 21-oktyabr “Oʻzbek tili bayrami kuni” etib nishonlanadigan boʻldi.
Harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan askarlar oʻrtasida Oʻzbek tili bayramiga bagʻishlab oʻtkazilgan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” shiori ostidagi insholar tanlovida gʻolib boʻlgan bir guruh ishtirokchilar harbiy qism qoʻmondonligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlanishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati