Maqsad bitta – yoshlarni ham ma’nan, ham jismonan yetuk etib tarbiyalash

0
1486

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov boshchiligidagi ishchi guruh Surxondaryo viloyati kengashiga tashrif buyurib, viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Saparov, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Choriyev, Sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdumutalip Arabov, Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Alisher Shirinov hamda Mudofaa va Ichki ishlar, DXX Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan 25 nafar faxriylar bilan uchrashishdi.

Muloqot davomida Husan Botirov “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan respublika bo‘ylab aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular orasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish va ommaviy texnik kasb mutaxassislarini tayyorlash borasida olib borilayotgan keng qamrovli sa’y-harakatlar to‘g‘risida ma’lumot berar ekan, viloyat mutasaddilarini tashkilot bilan bu ishlarni amalga oshirishda hamkorlikni yanada kuchaytirishga chaqirdi.

“Agar biz maqsadimiz sari hamjihatlikda qat’iyat bilan harakat qilishda davom etsak, ham ma’nan, ham jismonan va ma’lum bir ishni boshidan tutgan yoshlar yetishib chiqishi shubhasiz”, dedi “Vatanparvar” tashkiloti rahbari.

Qizg‘in muhokama va fikr-mulohazalar bilan o‘tgan uchrashuv so‘nggida hamkorlikda amalga oshiriladigan istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati