Navoiyda harbiy oilalar ishtirokida “Oila muqaddas dargoh” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi

0
776

Markaziy harbiy okrugning Navoiy garnizonidagi harbiy qismda harbiy xizmatchilarning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda ayollarning siyosiy faolligini oshirish maqsadida “Oila muqaddas dargoh” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Unda Mudofaa vazirligi xotin-qizlar hamda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari bilan ishlash boʻyicha bosh mutaxassisi Zulfiya Mansurova, harbiy qism qoʻmondonligi hamda barcha harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari ishtirok etishdi.

Tadbirda dastlab, harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari uchun yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar, shuningdek, ularning bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ayollarning siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan chora tadbirlar xususida soʻz yuritildi.

Shuningdek, oila masʼuliyati, juftliklarning bir-birini oʻzaro tushunib olishlarida kattalar, jumladan, yoshi katta ayollarning endigina turmush qurgan oilalarga maʼnaviy koʻmagi zarurligi, shu qatorida harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari jamiyatda kiyinishi va muomala madaniyati bilan barchaga oʻrnak boʻlishi lozimligi haqida gap bordi.

Qiziqarli savol-javoblarga boy oʻtgan ushbu uchrashuv hali oila qurmagan yosh harbiy xizmatchilar uchun koʻpgina foydali maʼlumotlarni taqdim etdi. Yakunda garnizon miqyosida naʼmunali deb topilgan oilalar uchun okrug qoʻmondonligining qimmatbaho sovgʻalari ulashildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati