Farg‘ona “Temurbeklar maktabi”da yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi

0
1206

Yoshlarni ham ma’nan, ham jismonan chiniqtiruvchi harbiy ta’lim muassasasi – “Temurbeklar maktabi” tashkil etilganiga ko’p bo’lmay o’zining yuqori natijalarini ko’rsatib kelayotgani barchamizga sir emas. Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining tegishli Farmoniga muvofiq, Sohibqiron Amir Temurning mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlarini yosh avlodga singdirish, ajdodlarga munosib holda yurt posboni qilib tarbiyalash maqsadida respublikadagi barcha harbiy akademik liseylariga “Temurbeklar maktabi” nomi berildi.

Xususan, shu tizimdagi harbiy ta’lim muassasalari ichida Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” ham bugunga qadar ko‘plab yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalab, oliy ta’lim muassasalariga yetkazib kelayotgani alohida ahamiyatlidir. Mazkur muassasani tamomlagan o‘quvchilarning oliy harbiy bilim yurtlari hamda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘qishga qabul qilinganligi 98 foizni ko‘rsatib kelayotgani so’zimizning isbotidir.

Bu yerda o‘quvchilarga oliy toifali va malakali o‘qituvchilar tomonidan barcha kerakli bilim va ko‘nikmalar bosqichma-bosqich o‘rgatib boriladi. Hozirga qadar o‘quvchilar ko‘plab xalqaro fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelayotgani esa buning yaqqol ifodasi bo‘la oladi. O‘quvchilarga harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari ham malakali ofiserlar tomonidan o‘tkaziladi. 

Harbiy avvalo jismonan chiniqqan bo’lishi lozim. Shu ma’noda Farg‘ona “Temurbeklar maktabi”da zamonaviy jihozlangan sport zallari, mashg’ulot maydonlari ham o‘quvchilarning jismoniy yuksalishlari uchun xizmat qilib kelayotganini e’tirof etish joiz.

Bir so’z bilan aytganda, ushbu dargohda chinakam harbiy intizom o‘rnatilgan bo‘lib, o‘quvchilarning ertalabki uyg‘onishidan tortib, ovqatlanishi, bilim olishi, madaniy hordiq chiqarishlari hamda to‘garaklarga qatnashishigacha o‘z vaqtida amalga oshiriladi. Bu esa o’quvchilarni yoshlikdan tartibli kundalik hayotga, haqiqiy harbiy xizmatga tayyorlaydi. Asl maqsadimiz ham Temur avlodlariga munosib kuchli va bilimli yurt posbonlarini yetishtirishdir.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati