Harbiy xizmatchilar “Ichan qalʼa” qadimiy shahar-muzeyga sayohat qilishdi

0
668

Nukus va Urganch garnizonlarida harbiy xizmatni oʻtayotgan yurtimiz himoyachilarining dam olish kunlarida madaniy hordiq olishini taʼminlash maqsadida Xiva shahridagi moʻjizaviy “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasiga ekskursiya tashkil etildi.

Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan yagona ochiq osmon ostidagi shahar-muzey yodgorligiga ilk bor sayohat tomirida buyuk ajdodlar qoni oqayotgan yurtning eng sara oʻgʻlonlarida katta taassurotlar qoldirdi.

Taʼkidlash joizki, Xorazm viloyati qadimiy va boy madaniyati, goʻzal hamda betakror obidalari, noyob asoriatiqalari bilan dunyo ahlini doim lol qoldirib kelgan. Markaziy Osiyodagi yirik va noyob yodgorlik, Xiva shahri ichidagi “Ichan qalʼa” majmuiga tashrif buyuruvchilar xalqimizning buyuk oʻtmishi, ajdodlarimizning mislsiz iqtidori, maʼnaviy qudratidan dalolat beruvchi koʻp asrlik yodgorliklar bilan tanishib, ularning bunyodkorlik salohiyatiga tan berishmoqda.

Tarix bilan yuzma-yuz kelgan harbiy xizmatchilar bu yerda saqlanib qolgan noyob meʼmorchilik asarlari, oʻtmishda ajdodlarimiz foydalangan tarixiy buyumlar, qurol va harbiy aslahalar, asrlar osha halqimizning mehnatsevarligini tarannum etayotgan yogʻoch oʻymakorligi va hunarmandchilikning boshqa yoʻnalishlari bilan yaqindan tanishib, maʼnaviy dunyosini yanada boyitishdi.

Darvoqe, harbiy xizmatchilarda jangovar ruhni oshirish, ularda oʻziga va qudratiga boʻlgan ishonchni, oʻzligimiz, oʻtmishimizga boʻlgan hurmatni yuksaltirish uchun bu kabi ekskursiyalarning oʻrni muhim. Zero, oʻtmishini bilmagan inson oʻz kelajagiga ham ega boʻlmaydi.

Shundan soʻng harbiy xizmatchilar Mustaqilligimizning 31 yillik bayrami arafasida Davlatimiz rahbari tomonidan Urganchda ochilgan Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasiga sayohat qilishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati