Jizzaxda “Temuriy izdoshlari” nodavlat taʼlim muassasasi uchun yangi bino topshirildi

0
977

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini yaratish maqsadida Jizzax shahridagi “Temuriy izdoshlari” nodavlat taʼlim muassasasi uchun yangi oʼquv binosi foydalanishga topshirildi.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda ushbu nodavlat ta’lim muassasasi o‘rtasida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangandi. Mazkur memorandumga ko‘ra, vazirlik va ta’lim muassasasi shu kunga qadar hamkorlikda ko‘plab yo‘nalishlarda tadbirlar o‘tkazib kelmoqda.

Xususan, ushbu o‘quv binosining qurilish va ta’mirlash ishlarida ham Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan yurt himoyachi bo‘lishni maqsad qilgan yoshlar uchun o‘quv sinflarini jihozlash va o‘quv-moddiy bazasini yangilash ishlari amalga oshirildi.

Tantanali ochilish marosimida Jizzax shahar hokimligi, okrug qo‘mondonligi, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, o‘quvchilar va ularning ota-onalarini yangi o‘quv binosi bilan tabrikladi.

Tadbir davomida Jizzax garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan qo‘l jangi va faxriy qorovulning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etligani hamda harbiy orkestr jamoalari tomonidan kuylangan tinchlikni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar haqiqiy bayram kayfiyatini ulashdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati