Harbiy sportchilar navbatdagi xalqaro musobaqada tayyorgarlikni boshlab yubordi

0
821

Joriy yilning avgust oyida Turkiyaning Konya shahrida V Islom birdamligi o‘yinlari sport musobaqasi bo‘lib o‘tgan edi. Oltmishga yaqin davlat jamoalari ishtirok etgan ushbu musobaqa qizg‘in va murosasiz o‘tdi hamda 51 ta oltin, 42 ta kumush, 65 ta bronza, jami 158 ta medalga egalik qilgan sportchilarimiz mezbonlardan keyin shohsupaning ikkinchi pog‘onasini band etishdi.

Islom birdamligi o‘yinlarining oldingilaridan farqi, bu galgi musobaqaga velosport turining qo‘shilishi bo‘ldi. Unda Mudofaa vazirligi Sport markazi vakillari ham munosib ishtirok etib, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shu munosabat bilan velosportchilarimiz bilan yaqindan tanishish maqsadida ular mashg‘ulot o‘tkazayotgan manzilda bo‘ldik.

– Islom birdamligi o‘yinlari 4 yilda bir marotaba o‘tkaziladigan musobaqa. Mudofaa vazirligi sport markazi velosportchilari ilk marotaba qatnashdi va bronza medalini qo‘lga kiritdi, – deydi murabbiy Vladislav Fyodorov. – U yerda shogirdlarim 3 ta yo‘nalish bo‘yicha ishtirok etdi. Velosport yo‘nalishida musobaqalar taqvimimiz juda tig‘iz. Shuning uchun mashg‘ulotlarga juda qattiq tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. 12-15-oktabr kunlari Fransiyaning Parij shahrida jahon chempionati o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda ishtirok etish uchun shogirdlarim ham yo‘llanmaga ega. Hozirda G‘azalkentda mashg‘ulotlarni davom ettirmoqdamiz.

– Men bu sport turi bilan 12 yildan buyon shug‘illanib kelaman, – deydi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Danil Yevdokimov. – O‘tgan vaqt mobaynida 50 dan ortiq xalqaro musobaqalarda ishtirok etdim. Oxirgi musobaqa iyulda Tailandda Osiyo chempionati bo‘ldi va unda ikkita bronza medalini qo‘lga kiritdim. Har qanday sportchining birdan-bir orzusi bu – Olimpiada chempioni bo‘lish. Bu maqsad yo‘lida har qanday mashaqqatni yengib o‘tishga tayyorman.

– Sport juda qiziqarli voqea hodisalarga boy. Men 13 yoshimda do‘stimning tavsiyasi bilan velosportga qiziqqanman, – deydi Farrux Bobosherov. – Oradan 5 yil o‘tib, Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdim. Albatta, buning zamirida tirishqoqlik, kasbga mehr yotibdi. O‘tgan qisqa davr mobaynida velosportga shu darajada bog‘lanib qoldimki, hozirda uningsiz hayotimni tasavvur qilolmayman.

Sherzod SHARIPOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti