Harbiy qismda yangi o‘quv markazi foydalanishga topshirildi

0
1372

Markaziy harbiy okrugning Kattaqoʻrgʻon garnizonida joylashgan harbiy qismda turli yoʻnalishlarni o‘zida jamlagan yangi va zamonaviy koʻrinishga ega oʻquv markazi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Ushbu oʻquv markazining binosi ikki qavatdan iborat boʻlib, 20 dan ortiq xonalarga ega, u yerda tarix, matematika, kompyuter savodxonligi, yoʻl harakati, ingliz va rus tillarini o‘rgatish uchun mo‘ljallangan oʻquv sinflari tashkil etildi.

Oʻquv sinflaridan tashqari mazkur binodan harbiy qism tarixi muzeyi, kutubxona, tikuvchilik, axloqiy-ruhiy zoʻriqishlarni yechish xonalari, turli toʻgarak sinflari ham oʻrin olgan.

Oʻquv markazining tantanali marosimida ishtirok etgan Kattaqoʻrgʻon shahar hokimligi, harbiy qism qoʻmondonligi hamda keng jamoatchilik vakillari soʻzga chiqib, ushbu oʻquv markazining eshiklari nafaqat harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun ham doimo ochiq ekanligini ta’kidlashdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati