Harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligi jiddiy sinovdan oʻtdi

0
2685

Mamlakatimiz Shimoli-gʻarbiy sarhadlarini qoʻriqlayotgan Mudofaa vazirligi boʻlinmalari navbatdagi jiddiy sinov — ommaviy sport ishlari koʻrigidan oʻtdi.

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida harbiy qism va muassasalar, harbiy okrug va birlashmalarda jismoniy tarbiya va sportga boʻlgan eʼtiborni koʻzdan kechirish, harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini yanada oshirish, vazirlik qoʻshinlarida sogʻlom, raqobatbardosh muhitni mustahkamlash maqsadida har ikki yilda ommaviy sport ishlari koʻrigi oʻtkazilishi harbiy anʼanaga aylangan. Ushbu sinovlar yurt himoyachilari tomonidan harbiy-amaliy sport turlaridan harbiy-sport kompleksi meʼyor va talablari hamda sport darajalarini bajarish, qoʻshinlarda olib borilayotgan sport ishlari darajasini aniqlash uchun tashkil etiladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning boshqaruv apparati, Nukus va Urganch garnizonlarida joylashgan harbiy qismlarining harbiy xizmatchilari iroda, matonat va jismoniy tayyorgarligini sinovlarda namoyon etdi. Bir necha kun davom etgan sinov jarayonlarida 100, 1000 va 3000 metrga yugurish, turnikda koʻtarilib aylanish mashqi hamda chaqqonlikni shakllantirishga oid mashqlar kompleksi, shuningdek, yagona toʻsiqlar yoʻlagida bajariladigan umumiy nazorat mashqida yurt himoyachilari chaqqonlik, epchillik va jismoniy imkoniyatilarini amalda koʻrsatib berishdi.

Mudofaa vazirligi miqyosida oʻtkazilgan ommaviy sport ishlari koʻrigining yakuni boʻyicha gʻolib boʻlgan harbiy okrug va birlashmalar 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan oʻtkaziladigan tantanali bayram tadbirida eʼlon qilinib, taqdirlanadi. Yuqori natijalar va harbiy-sport kompleksiga kiritilgan meʼyor talablaridan baland koʻrsatgichga ega boʻlgan harbiy xizmatchilar tegishli tartibda birinchi, ikkinchi va uchinchi razryadlar hamda “Harbiy-sportchi” koʻkrak-nishoni, shuningdek, alohida natijalarga erishganlar Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan munosib taqdirlanishi belgilangan.

Ommaviy-sport ishlari koʻrigi qolgan harbiy okruglarda davom etmoqda.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati