“ArMI—2022”: O‘zbekiston jamoasi yana bir oltin medalni qo‘lga kiritdi

0
18455

Dunyoning turli davlatlaridan kelgan harbiy oshpazlar bir necha kun davomida Markaziy harbiy okrugning “Forish” togʻ poligonida oʻz mahoratlarini namoyish etdilar. Har biri oʻziga xos, har biri ham oʻz kasbini mukammal oʻzlashtirgan ustalar. Biri biriga boʻy beradigan emas.

Men turli taomlar tayyorlashni yoqtiraman. Shu sabab ularning har bir qilgan ishlarini kuzatar ekanman, ixtiyorsiz oʻzimni ular bilan taqqoslab koʻrdim. Va men oshxona ishlarida ularning oldida oʻrtamiyonadan ham past darajada ekanligimni bildim. Ayniqsa, eng soʻnggi shart: tort va pirojniylar tayyorlashda taqqoslashdan uyaldim, hatto.

Aziz oʻquvchi, bularni tayyorlash uchun maxsus kurslarda oʻqish lozimligini yaxshi bilasiz. Boshqalarni bilmadim ammo yurtimizdagi kichik mutaxassislar tayyorlash kursida qandolat mahsulotlari tayyorlash oʻrgatilmaydi. Jamoa aʼzolarining hech biri maxsus kurslarda taʼlim olmagan. Shunday boʻlsa-da, urinib koʻrishdi. Ular qandolat ustasidan saboq olmoqchi boʻldilar. Dala sharoitini koʻrgan ustaning kapalagi uchib ketgani rost. Va oʻsha zahoti bu sharoitda oʻrgata olmasligini aytib rad etdi, usta.

Ammo harbiy oshpazlarimiz osongina taslim boʻladigan emas. Oʻzlari mustaqil izlandilar, oʻrgandilar va gʻalaba qozondilar. Kichik serjant Davlat Hasanov, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Baxtishod Meliyev tayyorlagan tort va pirojniylar eng yuqori ballarga munosib koʻrildi.

Tafsilotlarni keyinga qoldiramiz. Intiqib kutganimiz, nihoyat soʻnggi natijalar: Oʻzbekiston harbiy oshpazlari 2438,6 ball toʻplab Xalqaro armiya oʻyinlarining “Dala oshxonasi” musobaqasida g‘olib boʻldilar! Navbatdagi oʻrinlarni quyidagicha qayt etildi:

  • 2-oʻrinni Rossiya jamoasi — 2377,4 ball;
  • 3-oʻrinni Belorus va Vyetnam jamoalari — 2210,7 ball;
  • 4-oʻrinni Tojikiston jamoasi — 1526 ball.

Harbiy oshpazlar III darajali serjant Maʼmur Mamarasulov, kichik serjant Jamshid Qoʻqonov, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Ilyos Gʻaybullayev, novvoy va qandolatchi oshpazlar kichik serjantlar Davlat Hasanov, Temur Rahimov, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi Baxtishod Meyliyev, texniklar kichik serjantlar Joʻrayev Nodir, Behzod Karimov, Sherzod Meliqoʻziyevdan iborat Oʻzbekiston jamoasi tengsiz ekanliklarini isbotladilar.

Eslatib oʻtamiz, ushbu musobaqaning gʻolib va sovrindorlari 27-avgust kuni tantanali yopilish marosimida taqdirlanadi.

Inobat IBROHIMOVA,

Leytenant Otabek NORBOYEV suratga olgan

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti