“ArMI—2022”: “Forish” poligonida o‘zbekistonlik harbiylar yana qo‘shaloq rekord o‘rnatdi

0
1410

“Forish” poligonida davom etayotgan Xalqaro armiya oʻyinlari “Qurolsoz usta” musobaqasining navbatdagi bosqichi ham muvaffaqiyatli oʻtdi. Mazkur musobaqaning 2-bosqichi “ZU-23-2” zenit qurilmasini taʼmirlashga bagʻishlandi. Unda bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasining terma jamoalari bellashdilar.

Shartga koʻra, dastlab 3 nafardan iborat ishtirokchi 23 mm “ZU-23-2” zenit qurilmasining oʻqlangan yoki oʻqsizlantirilganini tekshirib, qurilmaning ikki dona avtomatini 83 dona qismlarga ajratish va yigʻish mahoratini koʻrsatdilar. Soʻngra kajava qismini taʼmirlash avtomobili yordamida ajratib, nosozliklarni bartaraf qilgan holda qurilmani “KAMAZ-43118” avtomobilida shatakka olgan holda avtodrom boʻylab 4200 metr masofada joylashtirilgan toʻqqiz dona toʻsiqlardan (chuqurlik, tirsakli koʻprik, minali maydon, qiyalik, balandlik, avtomobil uchun pana joy, zaharlangan hudud, ilon izi, gabaritli karidor va suv toʻsiqlaridan) oʻtib belgilangan meʼyorlarni bajarishdi.

Musobaqa dastlabki maydonga yetib kelib qurilmani yurish holatidan jangovar holatga oʻtkazish, shuningdek 20 dona 23 millimetrli paxtavon oʻq-dorilarni belgilangan yoʻnalish tomon otish bilan yakunlandi.

Natijalarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi terma jamoasi 23 daqiqa 03 soniya bilan birinchi, Rossiya Federatsiyasi vakillari 27 daqiqa koʻrsatkich bilan ikkinchi oʻrinni egalladi. Shu orqali terma jamoamiz 2021-yili Eron Islom Respublikasida boʻlib oʻtgan musobaqalarda Eron Islom Respublikasi jamoasi tomonidan oʻrnatilgan 28 daqiqa 06 soniya rekordini yangiladi.

Taʼrifi kamlik qilgan yana bir quvonchli xabar shuki, terma jamoamiz vakili III darajali serjant Sardorbek Mirzamaxmudov eng ilgʻor artilleriya tank qurol-aslahalarini taʼmirlash boʻlinmasi haydovchisi nominatsiyasida gʻolib boʻlib, 2021-yil Eron Islom Respublikasida oʻtkazilgan musobaqalarda Rossiya Federatsiyasi terma jamoasi tomonidan oʻrnatilgan 2 daqiqa 45 soniya rekordni joriy yilda 1 daqiqa 58 soniya natija bilan yangilashga muvaffaq boʻldi.

Navbatdagi bosqichlarda ham faqat quvonchli xabarlar ulashish umididamiz. Terma jamoamizga omad yor boʻlsin!

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti