Nukus va Urganchda Mudofaa vazirligi faxriylari eʼtirof etildi

0
840

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari boʻyicha markaziy kengash va harbiy okrug kengashlari tashkil topganining 10 yillik yubileyi munosabati bilan Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Urganch shahridagi Xorazm viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasida tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻz olganlar koʻp yillik hayot tajribasi, kasbiy malakasi, mehnati va xizmati bilan armiyada hurmat va ehtirom qozongan Mudofaa vazirligi faxriylarining obroʻsini yuksaltirish, armiyada ustoz-shogird anʼanalarini saqlab qolish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda yosh harbiy kadrlarning tajriba va malakasini yuksaltirish ishlarida koʻpni koʻrgan Qurolli Kuchlar faxriylarini keng jalb etishga Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari boʻyicha markaziy kengash va harbiy okrug kengashlarining hissasi katta boʻlayotganini eʼtirof etishdi.

Harbiy xizmatni namunali oʻtab, nafaqaga chiqqandan keyin ham el xizmatida, armiya bilan ham ruhan, ham jismonan bir tanu, bir jon boʻlib yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga hissa qoʻshib kelayotgan qoraqalpogʻistonlik va xorazmlik harbiy pensionerlar sana munosabati bilan mudofaa vaziri, harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati mudofaa ishlari boshqarmalari, shuningdek Oʻzbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasining hududiy boʻlimlari tomonidan koʻkrak-nishonlari, faxriy yorliqlar va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Tadbirda ustozlarning sharafli yoʻli ardoqlanib, ularning boy hayotiy tajribasi milliy armiyamiz saflariga kelgan yosh harbiy kadrlar va mamlakat yoshlarining kamolotida, ularning vatanparvar, fidoyi va jonkuyar boʻlib kamol topishida katta ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati