Nukusda faxriylar va yosh ofitserlar uchrashuvi o‘tkazildi

0
719

Joriy yil oliy harbiy taʼlim muassasalarini tamomlagan hamda keyingi harbiy xizmatni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlarida oʻtash uchun kelgan yosh ofitserlar bilan oʻtkazilgan oʻquv yigʻini yakuni boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda harbiy okrug qoʻmondonligi, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda yaqinda bilim yurtidan “uchib chiqqan qaldirgʻochlar” ishtirok etdi.

“Katta hayotning masʼuliyatli qadamlari” mavzusida oʻtkazilgan yigʻilishda harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari polkovnik Dilshod Ilhomov bitiruvchilarni yangi jamoalarga qoʻshilgani bilan qutlab, ofitserlik unvonlariga yaqindagina erishgan yigitlarga boʻlinmalardagi harbiycha muhitga tez moslashishi, mahoratli ofitserlar koʻmagida yangi tajriba egallashlari, bilim va koʻnikmalarini mustahkamlashi, qoʻshinlarda jagovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik mashgʻulotlarining sifatini yuqori darajaga koʻtarilishiga hissa qoʻshishlariga tilak bildirdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan qoʻyilgan topshiriqlarga muvofiq yosh ofitserlarni mustaqil harbiy xizmat faoliyatiga, harbiy hayotga koʻnikish, turli toifadagi harbiy xizmatchilar bilan ishlash qobiliyatini shakllantirish, liderlik xususiyatlarini namoyon etishi uchun sharoitlar yaratish, harbiy jamoaga kirishishda amaliy yordam koʻrsatish va ularni ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida bir oylik oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazilib, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik mashgʻulotlaridan nazariy va amaliy mashgʻulotlar olib borildi.

Yosh ofitserlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasining boy madaniy merosi, tarixi, urf-odatlari, anʼana va udumlari bilan tanishtirish, dunyoqarashini kengaytirish maqsadida Nukus shahridagi I.V. Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyiga hamda harbiy okrug tarixi muzeyiga sayyohatlar tashkil etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati