“ArMI—2022”: Chirchiqda “Sodiq do‘st” musobaqasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

0
1267

16-avgust kuni Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida mamlakatimiz hududida oʻtkazilayotgan “ArMI—2022” VIII Xalqaro armiya oʻyinlaridan biri “Sodiq doʻst” musobaqasiga start berildi. Eʼtiborlisi, kuni kecha — 15-avgust kuni “Forish” togʻ poligonida “Dala oshxonasi”, “Qurolsoz usta” va “Xavfsiz muhit” musobaqalariga start berilgan edi. Mamlakatimiz hududida boʻlib oʻtayotgan yana biri — “Yoʻl patruli” musobaqasi Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida joylashgan harbiy qismda boʻlib oʻtdi.

Tadbir avvalida Xalqaro armiya oʻyinlari musobaqalarini ochib berish va jamoalar aʼzolarini tabriklash uchun soʻz Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari — Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻi general-mayor Shuhrat Xalmuxamedov so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.

Shundan so‘ng, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Qo‘shinlar xizmati va harbiy xizmat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i general-mayor Vladimir Golochyov, Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev so‘zga chiqib, xalqaro musobaqalar odilona o‘tkazilishi va eng kuchlilar g‘alaba qozonishiga tilak bildirishdi.

Tantanali tadbirning badiiy qismi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestrining koʻrgazmali defilesi hamda Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlarining qurol bilan koʻrgazmali namoyishi bilan boshlandi. Bayramona konsert dasturi badiiy jamoalar va turli xalqlar madaniyatini ifoda etuvchi badiiy chiqishlar, taniqli sanʼatkorlar ijrosidagi kuy va qoʻshiqlar bilan davom etdi.

Milliy armiyaning kuch-qudrati va salohiyati, yurt himoyachilarining jangovar shayligi va kasbiy tayyorgarligini amalda yaqqol namoyon etadigan “ArMI—2022” xalqaro armiya oʻyinlari joriy yilning 13-avgustidan 27-avgust kuniga qadar dunyoning 12 ta davlat hududida oʻtkazilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi bu yil mazkur VIII Xalqaro armiya oʻyinlarining 20 ta yoʻnalishida ishtirok etyapti. 34 ta yoʻnalishni qamrab olgan musobaqalarda 37 ta davlatdan 257 ta jamoa oʻzaro bellashadilar. Xususan, mamlakatimiz hududida ilk bor musobaqalarning 5 ta yoʻnalishi boʻlib oʻtmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoalari Rossiya Federatsiyasi hududida oʻtkazilayotgan “Elbrus xalqasi”, “Avtozirxli tank – texnika ustasi”, “Qoʻshinlar razvedkasi aʼlochisi”,  “Tank biatloni”, “Harbiy-tibbiy estafeta”, “Harbiy ralli”, “Muhandis formulasi” musobaqalarida, Moʻgʻulistonda “Otliq marafon”, Belarus Respublikasida “Ishonchli qabul” va “Qutb yulduzi”, Qozogʻistonda “Armiya taktik oʻqchisi” va “Meridian”, Venesuelada “Merganlik marrasi”, Jazoirda “Desant vzvodi” hamda Eronda “Professional mergan” yoʻnalishlarida ishtirok etmoqda.

Xalqaro armiya oʻyinlarining tantanali ochilish tadbirida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati va Toshkent harbiy okrug qoʻmondonligi, Toshkent viloyati hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari va bir guruh yoshlar, ishtirokchi davlatlar mudofaa vazirliklarining masʼul shaxslari va jamoalar aʼzolari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti