“ArMI—2022”: “Qurolsoz usta”dan qo‘shaloq rekord

0
1765

Yaqindagina yurtdoshlarimiz Xalqaro armiya oʻyinlarining ochilish tantanalaridan xabardor boʻlishgandi. Endi esa dastlabki yutuqlar eʼtirofi boshlanmoqda. “Forish” poligonida oʻtkazilayotgan “Qurolsoz usta” musobaqasining birinchi bosqichi rekord natijalarni taqdim qildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasining terma jamoalari bellashdilar.

Musobaqa avvalida dastlab 8 nafardan iborat harbiy xizmatchi 122 millimetrli D-30 gaubitsasini yurish holatdan jangovar holatga oʻtkazishdi. Soʻng stvolni taʼmirlash avtomobili yordamida zaxira stvolga almashtirishdi. Ushbu gaubitsasi “KamAZ-43118” avtomobilida shatakka olgan holda avtodrom boʻylab 4200 metr masofada joylashtirilgan toʻqqiz dona toʻsiqlardan (chuqurlik, tirsakli koʻprik bilan, minali maydon, qiyalik, balandlik, avtomobil uchun pana joy, zaharlangan hudud, ilon izi, gabaritli karidor va suv toʻsiqlari) oʻtib meʼyorlarni bajarishdi. Dastlabki maydonga yetib kelib qurilmani yurish holatidan jangovar holatga oʻtkazishib, otish mexanizmlaridagi nosozliklarni bartaraf qilib, belgilangan yoʻnalish tomon paxtavon oʻq-dorilardan oʻq-otish bilan yakunladi.

Yakunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi terma jamoasi 19 daqiqa 58 soniya bilan 1-, Rossiya Federatsiyasi terma jamoa 35 daqiqa 47 soniya natija bilan 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Muhimi ushbu koʻrsatkich bilan vakillarimiz 2020-yil Rossiya Federatsiyasining Penza shahrida ushbu mamlakat terma jamoasi tomonidan oʻrnatilgan 22 daqiqa 02 soniya boʻlgan rekordni ham yangiladi. Boz ustiga, II darajali serjant Bektosh Omonov “Eng ilgʻor artilleriya boʻlinmasi haydovchisi” nominatsiyasi gʻolib boʻlib, 2021-yil Eron Islom respublikasida oʻtkazilgan musobaqada oʻrnatilgan 2 daqiqa 52 soniya rekord natijasini 2 daqiqa 11 soniya natija koʻrsatib yangiladi.

Terma jamoamiz vakillariga kelgusi bosqichlarda ham muvaffaqiyatlar hamroh boʻlishini tilaymiz!

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti