“Tank biatloni”da ikkinchi ekipaj bahsi

0
1069

Rossiya Federatsiyasi Moskva viloyatida joylashgan “Alabino” poligonida boʻlib oʻtayotgan “Tank biatloni” musobaqasi VIII Xalqaro armiya oʻyinlarining diqqat markazida boʻlib turibdi. Bellashuvlar borgan sari qizgʻin tus olmoqda.

Bugun, 16-avgust kuni, vakillarimiz harakatlanayotgan birinchi divizionning ikkinchi ekipaj aʼzolari oʻz mahoratlarini sinovdan oʻtkazdi. Bu safar ham tankchilarimiz Vyetnam, Venesuela va Qozogʻiston jamoalari bilan bir guruhda harakat olib bordi.

Mazkur bosqichda ham T-72B3 tankini mohirlik bilan boshqarish, toʻsiqlardan betalafot oʻtish, belgilangan nishonlarni yakson qilish va imkon qadar qisqa muddatda finish chizigʻiga yetib kelish vazifasi yuklatildi. Bu gal yurtimiz sharafini tank komandiri kapitan Shavkat Mamadiyorov, moʻljalga oluvchi katta leytenant Farrux Mirsalikov va mexanik-haydovchi kichik serjant Shahzod Doʻstmurodov uchligidagi ekipajimiz himoya qildi.

Shunday qilib, bugungi bahs yakuniy natijalariga koʻra, marraga vyetnamlik tankchilar ekipaji 32 daqiqayu 21 soniyada, Venesuela jamoasi 40 daqiqayu 15 soniyada, qozogʻistonliklar 26 daqiqayu 35 sonidayada yetib kelgan boʻlsa, oʻzbekistonlik tankchilar 27 daqiqayu 23 soniyada finish chigʻizini bosib oʻtdi.

Eslatib oʻtamiz, jamoalarning uchinchi ekipaji 20-avgust kuni oʻzaro bellashadi. Aynan oʻsha kuni chorak final yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan jamoalar nomi maʼlum boʻladi. Demak, hammasini katta serjant Jonibek Yuldashev komandirligidagi uchinchi ekipajimiz hal qiladi.

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Rossiya Federatsiyasi, Moskva viloyati, “Alabino” poligoni