VIII Xalqaro armiya o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

0
1118

Bugun, 15-avgust kuni, Rossiya Federatsiyasi Moskva viloyatida joylashgan “Patriot” parkida yilning eng nufuzli xalqaro harbiy musobaqalaridan biri bo‘lmish VIII Xalqaro armiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda qatnashuvchi davlatlar rasmiy vakillari, harbiy xizmatchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi nomidan harbiy delegatsiyamiz rahbari polkovnik Shavkat Mamajonov boshchiligidagi bir guruh harbiy xizmatchilar qatnashdi.

Dastlab ishtirokchi davlatlar birin-ketin o‘z bayroqlari ostida sahnaga chiqib kelishdi. Shundan so‘ng VIII Xalqaro armiya o‘yinlari rasman ochiq deb e’lon qilindi.

Bu yilgi Xalqaro armiya o‘yinlari 15-avgustdan 27-avgustga qadar davom etadi. Joriy yilgi “ArMI – 2022” o‘yinlarida dunyoning 37 davlatidan jami 257 jamoa ishtirok etmoqda. Musobaqalar 12 ta mamlakat hududida o‘tkazilyapti. Xususan, mamlakatimiz ilk bor musobaqalarning 5 ta yo‘nalishiga mezbonlik qiladi. Jizzaxdagi “Forish” poligonida “Dala oshxonasi” va “Qurolsoz usta” musobaqalari, Samarqanddagi “Sazagan” poligonida “Xavfsiz muhit”, Sharqiy harbiy okrugda “Yo‘l patruli” va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida “Sodiq do‘st” musobaqasi o‘tkazilmoqda. Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat vakillarimiz bu yilgi musobaqalarning 21 yo‘nalishida ishtirok etmoqda. Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish mumkinki, Xalqaro armiya o‘yinlarining o‘tgan yilgi bellashuvlarida o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. 

Yurtimiz harbiy delegatsiya vakillari Xalqaro armiya o‘yinlari bilan bir vaqtda o‘tkaziladigan “Armiya – 2022” xalqaro harbiy-texnik forumida ham ishtirok etdi.

Leytenant Islomjon QO‘CHQOROV,

Katta leytenant Orif MAMAJONOV (foto).

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy

kommunikasiyalar departamenti

Rossiya Federatsiyasi, Moskva viloyati