“MERIDIAN”: BIRINCHI BOSQICHDAYOQ REKORD NATIJA!

0
1409

Qozogʻiston Respublikasining “Amandiq” poligoni oʻquv bazasi mezbonlik qilayotgan “Meridian” musobaqasining birinchi sharti natijalariga koʻra Oʻzbekiston terma jamoasi peshqadamlik qilmoqda.

Akmola viloyati Shuchinsk shahrida joylashgan “Amandiq” poligonida bugun oʻzbekistonlik harbiy topograflar musobaqaning birinchi sharti – “Otish marrasi” bahsini 56,81 soniya natija bilan birinchi oʻrinda yakunladi. Harbiylarimiz 1 daqiqa 21,92 soniya natija koʻrsatgan Vyetnam jamoasini katta farq bilan ortda qoldirdi.

Oʻzbekistonlik harbiy topograflarning mazkur musobaqada ilk marta qatnashayotganini eʼtiborga olsak, “Otish marrasi” shartida qayd etilgan koʻrsatkichni hamyurtlarmizning debyut yutugʻi sifatida baholash mumkin.

Oʻzbek yigitlari shartga koʻra 20, 50, 100 metrga oʻrnatilgan oltita nishonni (umumiy 18 ta) 12 ta oʻq bilan yoʻq qilish borasida eng tezkor vaqt koʻrsatkichini qayd etishdi va umumiy 1000 ochko (yuz foizlik natija!) jamgʻarishdi. Qolgan jamoalar toʻplagan ochkolar koʻrsatkichi quyidagicha:

Vyetnam 693.5

Qozogʻiston 580.2

Eron 531.1

Rossiya 499.2

Xitoy 480.1

Belarus Respublikasi 466.2

Armaniston 445.3.

 

Mudofaa vazirligi Axborot va

ommaviy kommunikatsiyalar departamenti