Forishda “ArMI-2022” Xalqaro armiya o‘yinlarining ochilishi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi

0
1028

Bugun, 15-avgust kuni Markaziy harbiy okrugning “Forish” togʻ poligonida “ArMI-2022” VIII Xalqaro armiya oʻyinlarining mamlakatimiz hududida, jumladan “Forish” va “Sazagan” poligonlarida oʻtkazilayotgan musobaqalarga start beriladi.

Tantanali ochilish marosimi munosabati bilan respublikaning turli nashrlaridan yig‘ilgan jurnalistlar uchun “Forish” poligoni bo‘ylab press-tur tashkil etildi. Ayni vaqtda jurnalistlar, musobaqa hakamlari hamda mas’ullar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilmoqda. Unda ishtirok etayotgan OAV xodimlari xalqaro armiya o‘yinlarining o‘tkazilishi bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olmoqdalar.

Milliy armiyaning kuch-qudrati va salohiyati, yurt himoyachilarining jangovar shayligi va kasbiy tayyorgarligini amalda yaqqol namoyon etadigan “ArMI-2022” xalqaro armiya oʻyinlari joriy yilning 13-avgustidan 27-avgust kuniga qadar dunyoning 12 ta davlat hududida oʻtkazilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi bu yil mazkur VIII Xalqaro armiya oʻyinlarining 20 ta yoʻnalishida ishtirok etyapti. 34 ta yoʻnalishni qamrab olgan musobaqalarda 37 ta davlatdan 257 ta jamoa oʻzaro bellashadilar. Xususan, mamlakatimiz hududida ilk bor musobaqalarning 5 ta yoʻnalishi boʻlib oʻtmoqda. Jizzaxdagi “Forish” poligonida “Dala oshxonasi” va “Qurolsoz usta” musobaqalari, Samarqanddagi “Sazagan” poligonida “Xavfsiz muhit”, Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida “Yoʻl patruli” va Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida “Sodiq doʻst” musobaqasi oʻtkaziladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoalari Rossiya Federatsiyasi hududida oʻtkazilayotgan “Elbrus xalqasi”, “Avtozirxli tank – texnika ustasi”, “Qoʻshinlar razvedkasi aʼlochisi”, “Tank biatloni”, “Harbiy-tibbiy estafeta”, “Harbiy ralli”, “Muhandis formulasi” musobaqalarida, Moʻgʻulistonda “Otliq marafon”, Belarus Respublikasida “Ishonchli qabul” va “Qutb yulduzi”, Qozogʻistonda “Armiya taktik oʻqchisi” va “Meridian”, Venesuelada “Merganlik marrasi”, Jazoirda “Desant vzvodi” hamda Eronda “Professional mergan” yoʻnalishlarida ishtirok etmoqda.

MUDOFAA VAZIRLIGI AXBOROT VA OMMAVIY KOMMUNIKATSIYALAR DEPARTAMENTI