“ArMI – 2022”: “Harbiy-tibbiy estafeta”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

0
1068

“ArMI – 2022” doirasidagi “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasi bu yil Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tadi. Murosasiz bellashuvlar oldidan qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, musobaqani hamyurtlarimiz boshlab beradigan bo‘ldi.

Shundan so‘ng musobaqaning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Sank-Peterburg shahar meri, Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirligi harbiy tibbiyot boshqarmasi boshlig‘i general-polkovnik Dmitriy Trishkin, ishtirokchi jamoalar vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar musobaqaning ochiq va shaffof o‘tkazilishini, unda faqat kuchlilar g‘alaba qozonishini alohida ta’kidladi.

Bugun, 15 avgust kuni “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasiga start beriladi. Unda jamoalar 100 va 25 metr masofadagi nishonlarni o‘qotar qurollar yordamida yakson qilish bo‘yicha o‘zaro bellashadi. Undan keyin esa shartli to‘siqlardan yakkalik holda o‘tish bahslariga kirishiladi.

Eslatib o‘tamiz, harbiy tibbiyotchilarimiz mazkur yo‘nalishdagi musobaqada uch yildan beri peshqadamlikni qo‘ldan bermay kelmoqda. Shu bois joriy yilda ham vakillarimiz ishonchli harakat qilib, yuqori natijalarga erishishiga ishonamiz. “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasida dunyoning jami 15 davlatidan kelgan jamoalar birinchilik uchun o‘zaro kuch sinashadi.

Bobomurod NURATOV,

Rossiya Federatsiyasi

Sankt-Peterburg shahri