“ArMI—2022”: o‘zbekistonlik oshpazlar “Dala oshxonasi” musobaqasining dastlabki bosqichini muvafaqqiyatli yakunladi

0
1224

Bugun,13-avgust kuni Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ poligonida o‘tkazilayotgan “ArMI—2022” Xalqaro armiya o‘yinlarining “Dala oshxonasi” musobaqasining dastlabki bosqichi, ya’ni “Otish tayyorgarligi” bahslari o‘z yakuniga yetdi.

Unda O‘zbekiston, Tojikiston, Rossiya, Belarus hamda Vyetnam davlatlarining harbiy oshpazlaridan iborat 5 ta jamoalar ishtirok etdi. “Otish tayyorgarligi” bahslarining shartlariga ko‘ra, har bir jamoadan 6 nafar vakil ishtirok etib, ishtirokchilar 100 metr masofadagi nishonlarga qarata 10 marotabadan o‘q uzishdi.

Taom tayyorlash borasida yuksak mahoratga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar ushbu bahsda o‘zlarining jangovar qobiliyatlarini ham yuqori natijalar bilan amalda namoyon etishdi. “Eng mohir mergan” nominatsiyasiga yurtimiz sharafini himoya qilayotgan kichik serjant Jamshidbek Qo‘qonov loyiq topildi.

Jamshidbek o‘ziga berilgan 10 ta o‘qni “AK-74” avtomatidan nishonlarga qarata o‘t ochib 96 ballni qo‘lga kiritdi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra umumjamoa hisobida quyidagi natijalar qayd etildi:

  1. O‘zbekiston-92,8 ball;
  2. Vyetnam-83,5 ball;
  3. Rossiya-72,2 ball;
  4. Belarus-71,5 ball;
  5. Tojikiston-62,0 ball.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati